Mir Ali Tabriziy
1330-1405 yy.

TARJIMAI HOL

Biografiyasiga oid ma’lumotlar juda kam saqlangan. Amir Temur va Shohrux Mirzo xizmatida xattotlik bilan shug‘ullangan. “Qiblat ul-kuttob” (“Kotiblarning peshqadami”) nomi bilan shuhrat qozongan. Mir Ali Tabriziy ko‘plab shogirdlar tayyorlagan. Ulardan ikki kishi – biri mavlono Ja’far Shohrux Mirzo zamonida xushxatlikda nom chiqargan. Ikkinchisi – Mirabulhay kitobat san’atida, insho va tahrirda tengi yo‘q kotib bo‘lib, sulton Abu Said zamonida inshonavislikda peshqadam bo‘lgan.
XV asr oxirlarida Mir Ali Tabriziy “nasx” va “ta’liq” xatlarining belgilarini bir-biriga uyg‘unlashtirib, nasxta’liq xatini yaratdi. Nasxta’liq atamasi keyinchalik nasta’liq shaklini oldi. Mir Ali Tabriziy tomonidan yaratilgan nasta’liq xatining qonun- qoidalari bayon etilgan maxsus she’riy risola Xuroson va Movarounnahrda ushbu xat turi bo‘yicha qo‘llanma sifatida xizmat qilgan.
Ko‘chirgan qo‘lyozmalari dunyoning mashhur ilmiy- madaniy muassasalarida saqlanmoqda. Jumladan, Kirmoniyning 1396 yilda ko‘chirilgan “Humoy va Humoyun”, “Kamolnoma”, “Ravzat al-anvor” dostonlari – Britaniya muzeyida, Sa’diyning 1377 yilda ko‘chirilgan “Kulliyot”va “Bo‘ston” asarlari, Nizomiy va Dehlaviy “Xamsa”lari – Eron Milliy kutubxonasida va qit’alardan namunalar Sankt-Peterburgdagi Rossiya milliy kutubxonasi fondlarida bizgacha yetib kelgan.
Nasta’liq XV asrdan boshlab Movarounnahr, Eron, Ozarbayjon, umuman, arab yozuvidan foydalanuvchi Yaqin va O‘rta Sharq xalqlari orasida keng tarqaldi. Shu davrdan boshlab, nodir kitoblar, husnixat namunalari, qit’alar nasta’liqda yoziladigan bo‘ldi. Keyinroq esa oddiy, kundalik yozuvlarda ham nasta’liqdan foydalanildi.

FILIMLAR
AUDIOLAVHALAR
FOTOGALAREYA
ELEKTRON KITOBLAR NUSXASI