Abu Abdulloh al-Husayn ibn Ibrohim at-Tabariy an-Notiliy
X asr

TARJIMAI HOL

An-Notiliy yunon tili va falsafasi hamda aniq fanlar va tabobat haqidagi chuqur bilimlar egasi bo‘lgan. Shuning uchun ham u yosh Abu Ali ibn Sinoga zikr etilgan fanlarning nazariy asoslarini o‘rgatgan ustoz sifatida e’tirof etiladi. Mazkur olimning Ibn Sino hayotida paydo bo‘lishi uning otasi Abdullohning olimlarga bo‘lgan yuksak hurmatining natijasidir.
An-Notiliyning ilm-fan rivojiga qo‘shgan hissasi qatorida qadimgi yunon tabibi va dorishunosi Dioskorid Pedaniyning (mil. I asr) “Materia Medica” (“Dori vositalari”, arabchasi: “Kitob al-hashoish”) asarining arab tiliga qilingan tarjimasi alohida o‘rin tutadi. Mazkur yunon olimining arab tilida ijod qilgan tadqiqotchilar orasida ommalashuvi va uning ilmiy yutuqlarining tarqalishi aynan an-Notiliyning tarjimasi tufayli sodir bo‘lgan. Besh qismdan iborat mazkur kitobda o‘sha davrda ma’lum bo‘lgan 750 ga yaqin dori, jumladan, 570 o‘simlik tavsiflangan. Asarning oldingi tarjimalari, jumladan, “Bayt al-hikma”da faoliyat ko‘rsatgan Istifan ibn Basil tarjimasida ko‘plab dorilar va o‘simliklarning nomlari faqat yunon tilida berilgan bo‘lib, bu hol yunonchani bilmaydiganlar uchun muayyan qiyinchiliklarni tug‘dirgan. An-Notiliy ilmiy merosida Buxoro tabobat maktabining olimdan oldingi davriga oid tajribani umumlashtirishga qaratilgan faoliyat alohida ilmiy qimmatga molikdir. An-Notiliy bir qator tabiiy fanlarga oid asarlar ham yozgani ma’lum, lekin ular hali yaxshi o‘rganilmagan.

FILIMLAR
AUDIOLAVHALAR
FOTOGALAREYA
ELEKTRON KITOBLAR NUSXASI