
TARJIMAI HOL
Al-Masihiy 970–971 yillarda Xurosonning Jurjon (Gurgon) shahrida tug‘ilgan, Bag‘dodda ta’lim olgan. Xorazmshoh Ma’mun ibn Muhammad (995–997) ning taklifi bilan Bag‘doddan Xorazmga keladi. Bu yerda u zamonasining buyuk olimlari bilan uchrashadi, ular bilan ilmiy tadqiqotlar o‘tkazadi, tabobat bo‘yicha tolibi ilmlarga dars beradi. Al-Masihiyning tibbiy mashg‘ulotlarida Ibn Sino ham ishtirok etgan. Olim Sulton Mahmudning G‘aznaga kelish taklifini rad etib, 1010 yilda Ibn Sino bilan Xorazmdan Jurjonga ketayotgan vaqtda, yo‘lda vafot etadi. Shunda u 40 yoshda bo‘lgan.
Al-Masihiy aniq fanlar, tabobat va falsafa bilan shug‘ullangan, ularga oid asarlar yozgan. Ularning umumiy soni aniq bo‘lmasa-da, al-Beruniyga bag‘ishlab geometriya, astronomiya, iqlimshunoslik, munajjimlik, etika va tilshunoslikka doir 12 ta asar yozgani ma’lum. Al-Masihiy olim bo‘lish bilan birga, she’rlar ham yozgan. Uning she’riy parchalaridan birini al-Beruniy o‘zining “Xronologiya” asariga kiritgan. Bundan tashqari dorishunoslikka oid “Kitob as-saydana” asarida ham al- Masihiyga ishoralar bor.
Al-Masihiyning ilmiy qiziqishlari ko‘proq tabobatga qaratilgan edi. Tib ilmi bo‘yicha olimning 8 ta asari saqlanib qolgan. Mavzulariga ko‘ra ular mizoj, tomir bo‘yicha tashxis qo‘yish, yuqumli kasalliklar va tabobatning umumiy masalalariga oiddir. Ulardan eng yirigi “Kutub al- mia fi-s-sino’at at-tibbiyya” (“Tib san’ati bo‘yicha yuz kitob”)dir. Unda o‘sha davr tabobatining ko‘plab nazariy va amaliy masalalari qamrab olingan. Ibn Sino tib ilmida al-Masihiydan dars olganini hisobga olsak, o‘zining “Tib qonunlari”ni yozishda ham ustozining bu asaridan namuna sifatida foydalangan, deyish mumkin.
“Kutub al-mia”ning turli asrlarda ko‘chirilgan qo‘lyozma nusxalari dunyoning ko‘plab kutubxonalarida saqlanadi. Bu esa asarning mashhurligi va ahamiyatidan dalolatdir. U tibbiyot bo‘yicha muhim manbalar qatoridagi o‘rnini hozirga qadar saqlab qolmoqda. Shuningdek, al-Masihiyning jahon fanidagi yuksak o‘rni uning Ibn Sino va al-Beruniy kabi zabardast olimlarning ustozlari qatorida bo‘lgani bilan belgilanadi.

