
TARJIMAI HOL
Yusufiy (taxallusi; asl nomi Yusuf ibn Muhammad ibn Yusuf Hiraviy) (15-asr oxiri, Hirot — 1544, Hindiston) — forsigo‘y shoir, lug‘atshunos, tabib. Tabobat ilmini otasidan o‘rgangan. Zahiriddin Boburning xos tabibi bo‘lgan. Tibbiy, adabiyfalsafiy mazmundagi 20 dan ortiq nasriy va nazmiy asarlar muallifi; ulardan 12 tasining qo‘lyozmasi O‘zbekiston FA Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar fondida saqlanadi. «Jomi ulfavoyid» («Foydalar to‘plami», 1512), «Bahr uljavohir» («Gavharlar dengizi»), «Favoyid ulaxyor» («Yaxshilarga foydalar»), «Daloyili nabz» («Tomir ko‘rsatishlari»), «Qasida dar hifzi sihhat» («Sog‘liqni saqlash haqida qasida»), «Ayn ulhayot» («Hayot mohiyati»), shuningdek, arabchaforscha, hindiychaforscha ilmiy lug‘atlar tarzida yaratilgan asarlari shu jumladandir. Yusufiyning qasida, masnaviy, qit’a va ruboiylardan iborat «Jomiul-favoyid» asari xalq orasida «Tibbi Yusufiy» nomi bilan shuhrat qozongan. Asar Yu. ning tabobat sohasidagi shaxsiy tajribalari hamda ustozlaridan olgan bilimlarga suyanib yozilgan va unda murakkab dorilar, kasallik alomatlari va davolash qoidausullari bayon qilingan. Ushbu asar 2 marta (1882, Xorazm — Mulla Muhammad Amin; 1898, Toshkent — Muhammad shoh ibn shoh Fayzullo) o‘zbek tiliga tarjima qilingan.
Yusufiyning «Munojot dar talabi ishq va muhabbat» («Ishq va muhabbat istagida qilingan munojot»), «Anvor ulhikmat» («Hikmat nurlari») asarlarida hayotiy masalalarga oid nasihatlar, falsafiy fikrlar bayon qilingan.