Xoja Bahouddin Naqshband
1318-1383 yy.

TARJIMAI HOL

Xoja Bahouddin Naqshband – islom olamining eng mashhur avliyolaridan biri, naqshbandiya tariqatining asoschisi. U milodiy 1318 yilning mart oyida Buxoro viloyatining Kogon tumanidagi Qasri Hinduvon qishlog‘ida tug‘ilgan. Xalq orasida Bahouddin, Bahouddinjon, Xoja Bahouddin, Bahouddin Balogardon, Balogardon, Xo‘jayi Buzruk, Shohi Naqshband nomlari bilan ham mashhur. Xoja Bahouddin Naqshbandning asl ismi Muhammaddir. Manbalarda u kishining otasi ham bobosi ham Muhammad ismida bo‘lgani qayd etiladi. Bahouddin Naqshbandning nasabi ota tarafdan Hazrat Aliga, ona tarafdan hazrat Abu Bakr Siddiqqa borib taqaladi. Xojalar avlodidan bo‘lgani uchun uning nomi oldiga xoja so‘zini ishlatish rasm bo‘lgan. Yoshligida otasi bilan birga kimxobga naqsh solish hunari bilan mashg‘ul bo‘lgani uchun Naqshband laqabi bilan mashhur bo‘lgan. O‘sha davrda matolarga naqsh ishlagan, naqsh solingan ko‘ylaklar yoki naqshli gilamlar to‘qigan kasb egalari naqshband deyilgan. Bahouddin” so‘zi “Dinning nuri” degan ma’noni anglatadi. Bu Xoja Naqshbandga keyinchalik berilgan faxrli unvon. Bahouddin Naqshband umri davomida bir necha pirning tarbiyasini olgan. Birinchi piri – Xoja Muhammad Boboyi Samosiy edi. Keksa shayx bu yosh muridini tarbiyalashni o‘rinbosarlaridan bo‘lmish Amir Sayyid Kulolga topshiradi. U tariqat bobida bilganlarini o‘rgatib bo‘lganidan keyin shogirdiga ijozat beradi. Bahouddin ilm istab, yassaviya tariqati shayxlarining mashhur vakillaridan bo‘lmish Qusam shayx oldiga, Naxshab, ya’ni hozirgi Qarshiga boradi. Uch oy undan ta’lim oladi. Bahouddinning bu pirga ixlosi baland bo‘lgan, ayni chog‘da Qusam shayx ham uni o‘z o‘g‘lidek bilib, muridiga cheksiz hurmati tufayli umrining oxirigacha Buxoroda yashab, shu yerda vafot etadi. Manbalarning dalolat berishicha, u Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy (1103–1179)dan ruhiy tarbiya olgan. Bahouddin Naqshbandning umri asosan Buxoro va uning atrofidagi qishloqlarda o‘tgan. G‘aribona hayot kechirgan, faqat o‘z mehnati bilan kun ko‘rgan. Xizmatkor yoki qul saqlamagan. O‘z ta’limotini yaratishda Yusuf Hamadoniy va Abdulxoliq G‘ijduvoniy nazariyalariga asoslangan. Ta’limoti asosida: “Dil – ba yor-u, dast – ba kor” (“Ko‘ngil Allohda bo‘lsin-u, qo‘l ish bilan band bo‘laversin”), – degan shior yotadi. Tasavvufdagi har qanday tariqat kabi, xojagon-naqshbandiya tariqati ham o‘z g‘oyalari, tartib-qoidalari, odoblari va qat’iyatlarini shakllantirishda juda qadim rishtalardan suv ichgan. Ammo tariqatning butun mohiyatini uning bosh shiori bo‘lmish: “Dil – ba yor-u, dast – ba kor” hikmati hamda yana o‘n bir qoida belgilab beradi. Bu qoidalar “rashhalar”, ya’ni “tomchilar” deb yuritilgan. Rashhalar Yusuf Hamadoniy, Abdulxoliq G‘ijduvoniy va Bahouddin Naqshband taraflaridan asoslangan

NAQShBANDIYa OLTIN SILSILASI
Naqshbandiya manbalarda “silsilat az-zahab”, ya’ni “oltin silsila” tarzida tilga olinadi.
Bu quyidagi tarzda shakllangan:
Sarvari olam Muhammad (sollallohu alyhi vasallam) (570–632).
Hazrat Abu Bakr Siddiq (roziyallohu anhu) (573–634).
Hazrat Salmon Forsiy (roziyallohu anhu) (578–657).
Hazrat Qosim ibn Muhammad (rahmatullohi alayh) (vaf. 605 y.).
Hazrat Imom Ja’fari Sodiq (rahmatullohi alayh) (702–765).
Sulton al-orifin Boyazid Bistomiy (quddisa sirruhu) (vaf. 875 y.).
Shayx Abul Hasan Xaraqoniy (quddisa sirruhu) (963–1033).
Shayx Abu Ali Formadiy (quddisa sirruhu) (962–1055).
Hazrat Xoja Yusuf Hamadoniy (quddisa sirruhu) (1049–1141).
Hazrat Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy – Xojai jahon (1103–1179).
Hazrat Xoja Orif Revgariy – Mohitobon (quddisa sirruhu) (vaf. 1317 y.).
Hazrat Xoja Mahmud Anjirfag‘naviy (quddisa sirruhu) (vaf. 1317 y.).
Hazrat Xoja Ali Rometaniy (quddisa sirruhu) (vaf. 1326 y.).
Hazrat Xoja Muhammad Boboyi Samosiy (quddisa sirruhu) (vaf. 1354 y.).
Hazrat Xoja Sayyid Amir Kulol (quddisa sirruhu) (vaf. 1370 y.).
Hazrat Xoja Bahouddin Naqshband Buxoriy (quddisa sirruhu) (1318–1389
Yusuf Hamadoniy tayin etgan shiorlar:

Hush dar dam.
Nazar bar qadam.
Safar dar vatan.
Xilvat dar anjuman.
Abdulxoliq G‘ijduvoniy tayin etgan shiorlar:

Yotkard.
Bozgasht.
Nigohdosht.
Yoddosht.
Bahouddin Naqshband tayin etgan shiorlar:

Vuqufi zamoniy.
Vuqufi adadiy.
Vuqufi qalbiy.
ZIYoRAT TARTIB-QOIDALARI

Qabr ziyoratiga borgan odam avvalo niyatini to‘g‘rilashi hamda bu amali bilan Allohning roziligini ko‘zlashi lozim. Zero, har bir amal niyatga bog‘liqdir.
Qabristonga imkon qadar tahoratli holda sukunat bilan kirgan afzal.
Qabr ahliga sig‘inish, ulardan ehtiyojlarini so‘rash joiz bo‘lmay, bu shirk amal hisoblanadi. Aksincha, buning o‘rniga ularning haqqiga duo qilish lozim..
Qabr ahliga nazr qilish, jonliq so‘yish, sham yoqish, latta bog‘lash kabi ishlar og‘ir gunoh bo‘lib, kishining imoniga putur yetkazadi.
Qabristonga kirishda quyidagi duoni o‘qish va undagi ma’nolarni to‘la his etish afzal: “Assalomu alaykum, mo‘min musulmonlar diyori ahli! Biz ham, inshaalloh, sizlarga qo‘shilamiz. Sizlar bizninng o‘tmishdoshimizsiz, biz esa sizlarning o‘rinbosaringizmiz. Allohdan bizga ham, sizga ham ofiyat so‘raymiz”.
Ziyoratchi o‘zi ziyort qilmoqchi bo‘lgan qabrga oyoq tarafidan kelib, qabrning o‘ng tarafiga turadi va unga yuzlanib, qiblaga orqa qilgan holda qabr egasiga salom beradi.
Ziyoratchi qabr ahli haqqiga Qur’on tilovat qiladi.
Qabr oldida Qur’on o‘qiganda tilovatni ovoz chiqarib o‘qigan afzal, chunki qabr ahli undan bahra oladi.
Qabr ustidagi ko‘karib turgan o‘simlik, dov daraxt va maysalarga tegilmaydi, chunki ularning tasbehidan mayyitga manfaat bor. Quriganlarini yig‘ishtirish mumkin.
Ziyorat vaqtida qabr toshlarini o‘pish, ularni silab yuz-ko‘zga surtish, qabr atrofini aylanib tavof qilish, u yerda sham yoqish, ziyoratgoh hududidagi daraxt yoki yog‘ochlarga latta parchalarini bog‘lash joiz emas.
Qabr ustiga pul sochish mumkin emas, balki har qancha xayriya, sadaqa va ehsoni bo‘lsa maxsus ehson qutilariga tashlash talab etiladi.
Ziyoratgoh hududi ozodalagini saqlash kerak. Yosh bolalarning boshqa ziyoratchilarga xalal berishlarining oldini olish lozim.
Ziyoratdan so‘ng yana oxista chiqib ketiladi.
Haydarxon Yuldashxodjayev

“Mir Arab” Oliy madrasasi rektori

FILIMLAR
Boxouddin Nakshbandi
Naqshbandiya tariqati hususida
Naqshbandiya tariqatidagi zikr | Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari
Buxoroning yetti pirlari (Xoja Bahouddin Naqshband)
AUDIOLAVHALAR

Xoja Bahouddin Naqshband

FOTOGALAREYA
ELEKTRON KITOBLAR NUSXASI
Idris Shoh. Naqshbandiy tariqati
Nasafiy. Hazrat Bahouddin Naqshband
Sadriddin Salim Buxoriy. Dilda yor (Hazrat Bahouddin Naqshband)