Maʼlumki, bugungi kunda Sohibqiron Amir Temurga nisbat beriladigan qurollar, xususan keskir qilichlarning bir qancha nusxalari dunyoning turli muzeylari, xususiy kolleksiyalariga saqlanmoqda. Ammo ularning qay biri chindan ham Amir Temurga tegishli, bu qilichlar qay tariqa ushbu muzeylarga borib qolgani haqidagi maʼlumotlar alohida tadqiqotlarga ehtiyoj sezadi.
Naql etilishicha, Sohibqironning padari buzrukvori Amir Tarag‘ay bir kuni tush ko‘radi. Tushida nuroniy bir zot unga qilich hadya qiladi. Amir qilichni qo‘liga olib havoda o‘ynatganida, qilichdan taralgan nurdan olam yorishib ketadi. Amir Tarag‘ay tushini piri Amir Kulolga aytganida, undan bir o‘g‘il tug‘ilajagi, u dunyoni fath etajagini bashorat qiladi.
Sohibqiron yoshligidan qilich kuchi ustuvor bo‘lgan muhitda o‘sib-ulg‘aygan. Amir Temur qilich o‘ynatish mahorati tufayli hayotidagi juda qaltis vaziyatlardan sog‘-omon chiqishga muvaffaq bo‘lgan. 1362 yili Amir Temur Mohon hokimi Alibek Joniqurboniy navkarlari tomonidan tutqunlikka mahkum etiladi. O‘shanda bo‘lajak jahongir 26 yoshda edi.
“Temur tuzuklari”da keyingi voqealar shunday hikoya qilinadi:
“Undan qutulish chorasini izlab, o‘z-o‘zim bilan kengashdim va Tangrining inoyati yetib, bahodirligim tutdi. Kuchli va chaqqon bilaklarim ish berib, soqchilardan birining qo‘lidan qilichini tortib oldim-da, ularga hamla qilgan edim, barisi qochib qoldi”.
Sohibqiron hayotida uning o‘zi bevosita dushmanga yuzma-yuz kelib, bahodirona jang qilgan damlar ham ko‘p bo‘lgan. Ana shunday janglarda Sohibqiron o‘z qilichini naqadar sharaf va nomus bilan tutganligi haqida juda ko‘p misollar bor. 1393 yil mayida Sheroz yaqinida kechgan jang haqida fransuz tarixchisi Lyusyen Keren shunday yozadi:
“To‘s-to‘polon orasida asosiy qo‘shindan ajralib qolgan Temur va uning xos mulozimlarini ko‘rgan Shoh Mansur o‘ziga sodiq askarlari bilan ular ustiga otildi.Shoh Mansur ko‘z ochib-yumguncha Amir Temur qarshisida paydo bo‘ldi. Uni ko‘rgan Temur qo‘riqchisidan nayzasini olmoqchi bo‘lib o‘girildi, biroq yonida hech kim yo‘q edi. Fursatdan foydalanib, Shoh Mansur shamshiri bilan uning boshiga ikki zarba tushirdi. Dubulg‘aning mustahkamligi va, ayniqsa, ikkala safar ham dubulg‘asining silliq tomonini tutib bergan Temurning chaqqonligi tufayli shamshir sirg‘alib ketdi. Biroq Shoh Mansurning ajali yetgan edi... ”
1395 yilda Ulug‘ Amir Oltin O‘rda hukmdori To‘xtamishxonga qarshi uchinchi bor lashkar tortishga majbur bo‘ladi. Shu yilning 15 aprelida Terek daryosi sohilida kechgan jang asnosida dushmanning saralangan guruhi Movarounnahr lashkarlarini talvasaga solish uchun Amir Temurni o‘ldirmoqchi bo‘ladilar. Shu maqsadda ular Sohibqironni qo‘riqchilaridan ancha uzoqqa chalg‘itib, tezda bir necha askari bilan qurshab oladilar. Colnomachining yozishicha, “kamonining o‘qlari tugagan, nayzasi singan” Amir Temur “shamshirini tinmay ishlatib” oddiy navkar kabi mardona jang qilgan.
Xo‘sh, Amir Temurning janglariga hamroh va guvoh bo‘lgan qilich yoxud qilichlarning keyingi taqdiri qanday kechgan?
Maʼlumki, 1405 yil, 18 fevral kuni O‘tror hokimi Berdibekning saroyida Amir Temur foniy hayot bilan vidolashadi. Xitoy ustiga yurish rejasi uning vafoti tufayli bekor qilinadi va Amir Temur jasadi Samarqandga olib ketiladi. Amir Temurga tegishli bo‘lgan shaxsiy ashyolar maʼlumotlarga ko‘ra uzoq vaqt Samarqanddagi Sohibqiron maqbarasida saqlangan. Amir Temur xazinasi, xususan uning shaxsiy qurol-aslahalari kimga o‘tgani, qayerga ketgani aniqmas. Ammo, ayni paytda Eronning bir qator muzeylarida Amir temurga tegishli deb bilingan bir qancha qilichlar saqlanishi maʼlum.
Manbalarga ko‘ra, 1740 yili Eron shohi Nodirshohning qo‘shini Samarqandni bosib olganida qo‘lga kiritilgan o‘ljalar qatorida Amir Temurning qilichi, sovuti, jomeʼ masjidi darvozasi va hatto qabriga o‘rnatilgan toshni ham Mashhadga olib ketishgan. Ko‘p o‘tmay qabr toshi o‘z joyiga qaytarilgan, ammo darvoza, sovut va qilich haqida maʼlumotlar juda kam. Qilich haqidagi oxirgi maʼlumot o‘tgan asrning boshlariga tegishli. Ingliz olimi Jekson 1903 yilda Amir Temur qilichini Tehrondagi saroy muzeyida ko‘rganligini yozib qoldirgan.
Amir Temurning qilichi haqidagi turli afsonalar o‘z davridayoq yetti iqlimga yoyilib ulgurgandi. Temuriylar va undan keyingi davrda hukmronlik qilgan tojdorlar albatta kuch-qudrat timsoli sifatida Sohibqiron shamshirini qo‘lga kiritishga harakat qilishgan. Bundan tashqari G‘arb davlatlarida ham bu shamshirga qiziqish juda katta bo‘lgan.
Jumladan Fransiyaning buyuk imperatori Napoleon ham Sharqqa, xususan Amir Temurga katta hurmat bilan qaragan. Uning sirli shamshiri haqidagi maʼlumotlar Napoleonning ham qulog‘iga yetib kelgan va bu nodir osori atiqaga ega bo‘lish orzusi unga ham tinchlik bermagan. Chunki, Yevropa hukmdorlari o‘zlari avval yashab o‘tgan saltanat sohiblarining qurollarini to‘plashga chandon ishqiboz edilar. Qolaversa, Amir Temur nomi Sharqda qanchalik katta mavqega ega bo‘lgan bo‘lsa, g‘arbda ham uning kuch-qudrati qirollarga tinchlik bermagandi.
Ayrim maʼlumotlarga ko‘ra, Qojorlar davlati hukmdori Fathalishoh elchisi Asqarxon Afshor Urmaviy 1808 yil 4 sentyabrda Napoleon Bonapart bilan uchrashgan va unga go‘yoki Amir Temur qilichini sovg‘a qilgan. Napoleon, Yevropa madaniyatining vakili sifatida, tarixiy yoki xayoliy hukmdorlarga tegishli qilichlar haqida yetarlicha maʼlumotga ega edi. Misrga yurishidan so‘ng imperatorning sirli Sharqqa oshuftaligi yana-da ortgandi. Bonapartning bu ishtiyoqi haqida bilgan xorijiy elchilar ko‘pincha unga Sharqqa tegishli tarixiy yodgorliklarni sovg‘a sifatida olib kelishardi. Ammo Damashq po‘latidan yasalgan, bebaho olmoslar bilan qoplangan afsonaviy Amir Temur qilichini qo‘lga kiritish uzoq vaqt davomida Napoleon uchun ushalmas orzu bo‘lib kelardi. Fransiya imperatori afsonaviy shamshir uni yengilmas kuch bag‘ishlashiga umid qilgan, bundan tashqari, Bonapart Osiyoning bir qator mamlakatlarini bosib olishni rejalashtirgandi. U albatta, Amir Temur qilichin qo‘lga kiritish orqali kelajakda raqiblarini ruhiy tushkunlikka tushirishiga ishonardi. Axir, Sharqda bu qurolning egasi mag‘lub bo‘lmaydi, deb ishonishgan.
Qolaversa, Napoleon o‘zining harbiy shon-shuhratini Hindistonni zabt etish bilan yana-da yuksaltirish orzusida edi. Zotan Amir Temur 1398-1399 yillarda Dehli sultonligi qo‘shinini mag‘lubiyatga uchratib, Gang daryosi bo‘ylarigacha yetib borganini Napoleon yaxshi bilardi. Ammo bunday ulug‘vor rejani amalga oshirish uchun Bonapart Eron rahbariyatining ham harbiy, ham diplomatik yordamiga muhtoj edi.
Shu bois 1807 yilda fransuz imperatori Tehronga nafaqat harbiy xizmatchilar, balki olimlar ham taʼsirchan kuchga ega elchilarni ham yuborgan. Sharqqa yo‘naltirilgan bu missiyani brigada generali Klod Mate de Gardan boshqargan. Bu haqda Sharqiy Bonapartistlar qo‘mitasi asoschisi, etnopsixolog va siyosatshunos Kirill Serebreniskiyning 2018 yilda chop etilgan “Napoleonologik eslatmalar. Napoleon va Amir Temur qilichlari” asarida yozilishicha, fransuzlar Eronda saqlanayotgan Amir Temur qilichining imperatorga sovg‘a qilinishini xursandchilik bilan qabul qiladilar.
1808 yil 24 yanvarda Parijda chop etiladigan Journal Empire gazetasining Istanbuldagi muxbiri shunday yozgandi: "Fors shohining Fransiya imperatori huzuridagi favqulodda elchisi Askarxon tez orada Parijga yo‘l oladi va o‘zi bilan imperator uchun ajoyib sovg‘alarni olib bormoqda!”
Asqarxon Afshar Urmaviy bir necha oydan keyin Fransiyaga yetib keldi. Fors elchisi Napoleon tomonidan 1808 yil 4 sentyabrda Parij yaqinidagi Sen-Klu qasrida tantanali qabul qilindi. Muhtasham sovg‘alar orasida ikkita afsonaviy qurolning birinchisi - elchining so‘zlariga ko‘ra, bir vaqtlar Amir Temurga tegishli bo‘lgan shamshir, ikkinchisi - Eron shohi Nodirshoh Afshorning qilichi edi. Maʼlumki, Nodirshoh ham Amir Temur singari Hindistonda muvaffaqiyatli harbiy yurish qilib, 1739 yilda Dehlini egallagan.
Napoleon Amir Temur bu qilichlarni qo‘lga kiritgan lahzani tarixga muhrlashni niyat qilgan, u Yevropa jamoatchiligi ko‘z o‘ngida bo‘lajak Osiyo fotihi sifatida gavdalanishini istagan. Imperator Bastiliya maydoniga filning ulkan haykalini o‘rnatishni rejalashtirgan, uning orqa tomonida esa Bonapartga Jahongshrini qilichig‘ini topshirayotgan elchining haykali bo‘lishi kerak edi. Ammo negadir bu reja amalga oshmay qoladi.
Aslida, eronliklar buyuk fransuz hukmdorini ustalik bilan chuv tushirishgandi. Asqarxon Afshar Urmaviy temuriylar davriga xos uslubda yasalgan va qimmatli toshlar bilan bezatilgan soxta qilichlarni olib kelgan, aslida bu qilichlar Dog‘istonning Amuzgi qishlog‘i hunarmandlari tomonidan yasalgan edi.
Atoqli shoir Rasul Hamzatovning “Amuzgiliklar” sheʼrida quyidagi misralar uchraydi:
“... Elchi Napoleonga qilarkan tortiq,
“Bu Fotih Temurning shamshiri”, dedi,
Davr o‘tib, bu sir ham ochildi, ortiq,
Bu oddiy Amuzgi qilichi эди...,
Hozir bu tog‘li qishloq huvillab qolgan va tabiiyki uning qilichsozlik bobidagi shuhrati ham allaqachon so‘ngan.
Napoleon keyinchalik forslar uni osongina aldashganini tushunib yetganmi-yo‘qmi, nomaʼlum. Umrining oxirida Bonapart bilan tez-tez uchrashib turgan graf Emmanuel de Las Keys o‘zining "Avliyo Yelena xotiralari" kitobida bu haqda eslab o‘tgan. 1818 yil 13 noyabrda taxtdan ag‘darilgan imperator afsus bilan shunday degan: “Men Buyuk Fridrixning qilichini qo‘lga kiritdim. Ispanlar menga Frensis Birinchining qilichini jo‘natishdi. Turklar va forslar menga Chingizxon, Amir Temur va Nodirshohga tegishli deb daʼvo qilingan qilichlarni yuborishdi. Lekin men o‘z kuch-qudratim, imkoniyatlarimdan ko‘ra, mana shu hadyalarga ko‘proq ishonib qolgan ekanman...”
Sharq hukmdorlari ham Amir Temur qilichining egasi yengilmas qo‘mondon bo‘lishi mumkinligiga shubhasiz ishonganlar. Ular hech kimga, hatto Napoleon Bonapartga bunday nodir qurolni osongina sovg‘a qilib yubora olishmasdi.
Yana bir maʼlumotga ko‘ra, graf Ivan Paskevich boshchiligidagi rus qo‘shinlari afsonaviy shamshirni 1827 yil 1 oktyabrda (yangi hisob bo‘yicha 14-oktyabr) Erivan qalʼasi (Yerevan) egallab olingandan keyin qo‘lga kiritadilar. Tarix fanlari doktori Andrey Ivanovning yozishicha, Amir Temurga tegishli deb ishonilgan bu qilich qalʼaning Fors garnizonini boshqargan Hasanxondan tortib olingan. Tarixiy yodgorlik egasi hech bir qo‘shin uning qo‘shinini mag‘lub eta olmasligiga shubha qilmagan. Ammo u mag‘lub bo‘ladi. Hasanxonni shaxsan qo‘lga olgan general Afanasiy Krasovskiy undan afsonaviy qilichni olib, imperator Nikolay Birinchiga yuboradi. Hadyaga ilova qilingan maktubda shunday deyilgan: “Imperator hazratlari poyiga men Erivanda o‘lja qilib olingan Buyuk Temur qilichini qo‘ymoqdaman. Eron shohlari xazinasini bezab turgan bu qilich podshoh aʼlohazratlariga munosib tuhfa bo‘lishiga umid qilaman!”
Bu nodir artefaktning ham keyingi taqdiri nomaʼlumligicha qolmoqda. Baʼzi maʼlumotlarga ko‘ra, bu qilich fuqarolar urushigacha Gatchina saroyida saqlangan, keyin izsiz g‘oyib bo‘lgan.
Maʼlumki, 1941 yil iyun oyida Samarqandda Go‘ri amir maqbarasida ilmiy-tadqiqot ishlari olib boriladi. Bir guruh sovet olimlari Amir Temur va uning avlodlari qabrini ochdilar. Qazishmalar davom etayotgan paytda Toshkentda bo‘lgan marshal Semyon Budyonniyga O‘zbekiston rahbariyati tomonidan qimmatbaho qilich sovg‘a qilingan. V.Sklyarenko, V. Syadro, I. Rudicheva hamda V. Manjos muallifidagi "Buyuk fotihlar" kitobida bu qilich sarkarda qabridan topilgani haqida so‘z boradi.
Bu sovg‘a tabiiyki Budyonniyga juda yoqadi. Besh asrdan oshganiga qaramay, qilich yangidek ko‘rinardi. Marshalning xotiralaridan maʼlum bo‘lishicha, u u qilichni hamisha o‘zi bilan olib yurgan. Bu afsonaviy qilich unga kuch, tetiklik va yaxshi kayfiyat baxsh etib turgan. Hatto bir gal qilich Budyonniyni o‘limdan asrab qolgan. 1942 yil dekabrda ayrim muxoliflar Budyonniyning dachasiga bostirib kirishadi. Shu kuni shaxsiy qo‘riqchilar ham yo‘qligidan foydalangan bosqinchilar sarkadani jismonan yo‘q qilishni maqsad qilishgan. Ammo, Budyonniy o‘sha sirli shamshirii qo‘lga olib, bosqinchilarni tinchitadi.
Semyon Mixaylovichning o‘limidan so‘ng, uning qilichi Markaziy inqilob muzeyiga topshirilgan. Bu qilich chindan ham Amir Temur qabridan topilgani haqida ishonchli maʼlumotlar yo‘q. Qolaversa, o‘sha qilich hali ham o‘sha muzeydami, boshqa joyga ketib qolganmi, hech kim bilmaydi. Ammo, shunisi aniqki, buyuk sohibqironga tegishli qilich asrlar davomida kimlarning qo‘lida bo‘lgani va hozirgi kunda ham qayerdadir saqlanayotgani aniq.