Saltanatlar tarixida katta dovrug‘ va eʼtiborga ega bo‘lgan, o‘z yurti va xalqining shaʼnini yuksaltirgan oqila, jasur ayollar ko‘p o‘tgan. Shu bilan birga o‘zining kibri, manmanligi, johilligi sabab millat va davlat boshiga mislsiz kulfatlar yog‘dirgan ojizalar ham yo‘q emas.
Saljuqiylar saltanatining bosh vaziri Nizomulmulk (1018-1092) «qachonki podshohlik ishi ayollar va go‘daklar qo‘liga o‘tsa, bilginki, podshohlik o‘sha xonadonni tark etadi», deganda ana shunday ayollarni nazarda tutgandi. Turkiy saltanatlar tarixida bu kabi ayollar ro‘yxati tuzilganda, Xorazmshohlar davlatining malikasi Turkon Xotun nomi unda albatta zikr etilgan bo‘lardi.
Turkon xotun Boyovut toifasidan bo‘lgan qipchoqlar xoni Jonkishi (ayrim maʼlumotlarga ko‘ra Qodirxon)ning qizi bo‘lib, 1150 yilda tug‘ilgan. Xorazmshoxlar sulolasining atoqli vakili Sulton Tekesh (1132-1200) qipchoqlar bilan ittifoq tuzib, ularni o‘ziga og‘dirish niyatida 1169 yilda Turkon Xotunga uylanadi. Turkon Xotun shu tariqa Xorazmga qipchoq qavmiga mansub ko‘plab amaldorlarni olib keladi va ularning qudratli homiysiga aylanadi.
1200 yil 3 avgustda Urganch aholisi, davlat ayonlari va amirlari ishtirokida Xorazmshohlar davlati taxtiga Tekesh va Turkon Xotunning o‘g‘li - Alouddin Muhammad o‘tiradi va Xorazmshoh unvonini oladi.
Nasaviyning yozishicha, saroyda Turkon Xotunning mavqei mustahkamlangandan so‘ng «Xudovandi Jahon», yaʼni butun dunyo hukmdori laqabini oladi. Uning muhrida «Ismat ud-dunyo vad-din Ulug‘ Turkon, malika niso al-olamiyn» (Dunyo va din pokligi, Ulug‘ Turkon, olam ayollarining malikasi) deb bitilgan edi. U «Iʼtasamtu billahi» (Faqat Allohdan himoya kutaman) so‘zlarini o‘ziga shior qilib olgandi.
Turkon Xotun o‘g‘liga shu daraja o‘z taʼsirini o‘tkazganki, natijada Muhammad Xorazmshoh mamlakat ichkarisidagina emas, balki xalqaro maydonda ham Xorazmning yagona hukmdori sifatidagi mavqeini yo‘qotgandi. Bundan tashqari,qudratli sarkardalarining ko‘pchiligi qipchoqlardan bo‘lgani bois, hukmdor onasiga yon berishga majbur edi.
Xorazmshoh Muhammad 1216 yilda onasi Turkon Xotunning aralashuvi bilan shayx Najmiddin Kubroning shogirdi Majididdin Bag‘dodiyni qatl qilishga farmon beradi. Bu esa, Xorazmshohdan ulamolarning ixlosini qaytargan, ularning jiddiy eʼtiroziga sababchi bo‘lgan. Jumladan, Jaloliddin Rumiyning otasi Bahovuddin Valad ham ana shu fojia sababli Urganchdan bosh olib, avval Balxga, keyin esa Konyaga ketgan edi.
Xorazmshohlar davlatida mo‘g‘ullar bosqini arafasida bir mamlakatda ikkita poytaxt — Urganch va Samarqand, ikkita hukmdor — Turkon Xotun va Xorazmshoh Alouddin Muhammad bor edi. Urganch Turkon Xotunning xos poytaxti hisoblangan, uning o‘z saroyi saroyi va xo mulozimlari, amiru umarosi bo‘lgan. Turkon xotun nafaqat sulton, balki moliyaviy ishlar, arkoni davlat va saroy amaldorlari ustidan ham hukmronlik kilgan. Saltanat ishlari asosan Turkon Xotunning qarindoshlaridan Xumor Ag‘u — hojib sipohsolor (lashkarboshi), Buka Pahlavon, Ali Marg‘iniy singari nufuzli ayonlar qo‘lida edi.
Qipchoqlardan tashkil etilgan oliy martabali sarkardalar Turkon xotun bilan til biriktirib, o‘z foydalari uchun mamlakatni talon-toroj qila boshlaganlar. Saltanat ishlari deyarli Turkon xotun tomonidan boshqarilgan. Ko‘p hollarda Xorazmshoh tarafidan eʼlon qilingan hukm va farmoyishlar Turkon xotun tomonidan hech qanday asossiz, kengashsiz bekor qilinar edi.
Xorazmshohlar davri tarixchisi an-Nasaviy bunday yozadi: «Agar malikadan va sultondan bir ish haqida ikkita ko‘rsatma kelsa, u holda ularning sanasiga qarar edilar va barcha mamlakatlarda keyingi sanaga amal qilardilar...»
Ona-o‘g‘il raqobati davlatni ich-ichidan nuratmoqda edi. Mamlakat ichidagi parokandalikdan yaxshi xabardor bo‘lgan mo‘g‘ul xoni Chingizxon 1219 yilda Xorazmshohlar hududiga qo‘shin tortadi. Mo‘g‘ullar bosqini arafasida Turkon Xotunning ko‘rsatmasi bilan har bir shahar himoyasi mahalliy rahbarlarga topshiriladi. Bu tarqoqlik mo‘g‘ullarning uzil-kesil g‘alabasini taʼminlaydi. Saltanatning yirik shahar va viloyatlari birin ketin qo‘ldan boy berilib, mo‘g‘ullar oyog‘i ostida toptaladi.
Urganchni qamal qilgan Chingizxon lashkarlari shohning onasi Turkon Xotundan taslim bo‘lishni talab qilishgan. Urganchdagi qo‘shin va aholi yetarlicha mudofaa kuchiga ega bo‘lsa-da, Xorazmshoh Vatanni tashlab qochganidan so‘ng, Turkon Xotun ham sarosimaga tushib qolgandi. Shu bois u ham shaharni o‘z holiga tashlab, shahar tashqarisidagi Ilol qalʼasiga yashirinadi.
Manbalarga ko‘ra, Turkon xotun 1220 yil Urganchni yer bilan yakson qiladilar. Minglab shahar mudofaachilari qatori yetmish besh yoshli shayx Najmiddin Kubro ham dushmanga qarshi mardonavor jangda shahid bo‘ladi. Asirlarni qilichdan o‘tkazish uchun mo‘g‘ul askarlariga 24 kishidan taqsimlab beradilar.
Ilol qalʼasini ham qo‘lga kiritgan mo‘g‘ullar Turkon xotunni xizmatkorlari bilan asir olib, Toluqonda turgan Chingizxon huzuriga yuboriladi. Asirlar safida bo‘lgan vazir Malik Nosiruddin Hazoraspiy qattiq qiynoklarga solinadi va sultonning farzandlari qatori qatl etiladi.
Turkon Xotun va uning yaqinlari bilan Mo‘g‘uliston tomon otlangan Chingizxon bir necha kun Samarqandda to‘xtashga qaror qiladi. Shu yerda Turkon xotun va sultonning omon qolgan xotinlariga xorazmshohlar saltanati uchun aza ochib, mo‘g‘ul askarlari oldida baland ovoz bilan yig‘lashni buyuradi. Shundan so‘ng Chingizxon ko‘rsatmasiga binoan, Qoraqurumga keltirilgan Turkon xotun qashshoqlikda umr kechiradi va shu yerda g‘ariblikda vafot etadi.