Turkiy sulolalar tarixida favqulodda jasorati, g‘ayrioddiy qismati va feʼl-atvori tufayli o‘ziga xos iz qoldirgan hukmdorlardan biri g‘aznaviylar sulolasining eng yirik vakili Sulton Mahmud G‘aznaviydir. Abulqosim Mahmud ibn Sabuktegin G‘aznaviy (967-G‘azna, 1030) o‘z zamonidagi mamlakatlarni birlashtirish, islom madaniyatini tarqatish va ilm-fanni rivojlantirishda katta hissa qo‘shgan.
Mahmud G‘aznaviy yoshligida otasidan harbiy sanʼatni puxta egallagan. Janglarda otasining qo‘shinida qatnashib, katta jasorat ko‘rsatgani uchun 994-yilda “Sayfud-davla” ("davlat qilichi") unvoni bilan taqdirlangan.
Uning hukmronligi davri, Xuroson va Movarounnahrdagi davlatlarning parchalanish davriga to‘g‘ri keladi. Uning davlat qurilishi va siyosiy faoliyati, islom madaniyati va fanining rivojlanishiga katta taʼsir ko‘rsatdi. Mahmud G‘aznaviy davlat boshqaruvini mukammal tarzda tashkil etgan. Qudratli va jangovar harbiy qo‘shin hamda dengiz flotiga ega bo‘lgan. Shuningdek, u falsafa, tibbiyot, matematika va adabiyotga alohida eʼtibor qaratgan. Uning davrida juda ko‘p maʼrifiy va ilmiy muassasalar, masjidlar, kutubxona va madrasalar qurilgan.
Sulton saroyida Farruxiy, Unsuriy, Manuchehriy, Utbiy, Gardiziy, Bayhaqiy, Firdavsiy kabi shoirlar faoliyat yuritgan. Sultonning harbiy safarlarida buyuk olim Beruniy hamkorlik qilgan. Abu Rayhon Beruniyning mashhur “Hindiston” (1030-1031) asari ushbu safarlar natijasida vujudga kelgan. Mahmud G‘aznaviy turkiy, arab va pahlaviy (fors) tillarini puxta bilgan. O‘z davlatining poytaxti G‘aznada nodir kitoblardan katta kutubxona yaratgan. Bu davrda islom madaniyati rivojlanishi va islom dini tarqalishiga katta hissa qo‘shgan.
Mahmud G‘aznaviy va Firdavsiy (935-1020) munosabatlari bilan bog‘liq maʼlumotlar turli-tuman bo‘lsa-da, sultonning shoirga ehtiromini ko‘rsatadigan dalillar juda ko‘p. Sulton Mahmud Firdavsiy bilan yuzma-yuz muloqotda bo‘lgan va unga saroyda ijod qilishi uchun yetarlicha sharoitlar yaratib bergan. Garchi saroydagi vazirlar qutqusi bilan shoirga yetarlicha haq to‘lanmagan bo‘lsa-da, bundan xabar topgan sulton darhol belgilangan miqdorda mukofot pulini shoirga yetkazishni buyurgan, ammo afsuski, bu paytda shoir hayotdan ko‘z yumgan edi.
Shoirning sultondan qattiq xafa bo‘lgani, unga atab hajviya bitgani ham aniq gap emas. Bir qator olimlar bu hajviya keyinchalik Firdavsiy nomidan to‘qilgan, aslida bu ilovaning tili va uslubi “Shohnoma”nikidan tubdan farq qiladi, degan fikrni ilgari surishadi.
Mahmud G‘aznaviy o‘z davrida, madaniyatni rivojlantirishga, adabiyot va sanʼatni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga katta eʼtibor berdi. Mahmud G‘aznaviyning faoliyati va ulkan xizmatlari, nafaqat o‘z zamonida, balki keyingi davrlarda ham o‘z taʼsirini o‘tkazdi. Sharq allomalarining asarlarida Mahmud G‘aznaviy adolatli va fuqaroparvar podshoh, balki ilm-fan, madaniyat va sanʼat homiysi sifatida ham tasvirlanadi.
Manbalarda Mahmud G‘aznaviy bilan bog‘liq turli hikoyatlar uchraydi. Jumladan, sultonning yaqin nadimi Ayoz bilan yaqin munosabatlari haqida sheʼr va afsonalar yozma manbalar va xalq og‘zaki ijodida keng tarqalgan.
Mahmud G‘aznaviy o‘ziga xos xarakter va xislatlar sohibi bo‘lgan. Rivoyatlarga ko‘ra, bir gal g‘animlari unga qarshi suiqasd hozirlashadi va shaxsiy sartaroshini shu ishga yollashadi. Sartarosh har doim sultonning turli suratlar bilan bezatilgan maxsus xonasida soch olardi. Devorda sahrodagi bir tuyaning yantoq tomon bo‘yin cho‘zayotgani aks etgan bo‘lib, uning ostida bir qator forsiy misra bitilgandi. Sartarosh soch olayotgan paytda boshini egib turgan sultonning ko‘zi beixtiyor o‘sha misraga tushib qoladi va uni ovoz chiqarib o‘qiydi: “ushturo, kajgardano, donam chi xoxiy kardan-o!”.
Bu misra “ey bo‘yni egri tuya, nima qilmoqchi ekaningni bilib turibman” degan maʼnoni anglatardi. Tasodifan sartaroshning ham bo‘yni egri bo‘lib, unga ulfatlari “tuya” deb laqab berishgandi. Qo‘lidagi ustara bilan qo‘rqa-pisa sultonni hech kim payqamaydigan jon tomirini kesib, uni o‘ldirish uchun payt poylab turgan sartarosh bu so‘zlarni eshitishi bilan qo‘llari qaltirab, ustarani yerga tushirib yuboradi. Keyin o‘zini sultonning oyoqlari ostiga tashlab, “bir qoshiq qonimdan kechiring, g‘animlaringiz meni shu ishga majbur qilishdi” deya shafqat so‘raydi. Shu zahoti mulozimlari ichkariga kirib, sartaroshni zindonband etadilar. Sartaroshning laqabi tuya ekani, sultonni o‘ldirmoqchi bo‘lgani shu tariqa fosh etiladi va suiqasdning oldi olinadi. Sulton esa, uni o‘limdan asrab qolgan surat va uning ostidagi misra muallifini topib, ularni behisob mukofotlar bilan siylaydi.
Mahmud G‘aznaviy 1030 yil 30 aprel kuni G‘azni shahrida bezgak kasalligidan vafot etadi va shu yerda dafn qilinadi.