MAQOLALAR
Oltin O‘rdaning rasmiy tili o‘zbekcha bo‘lgan(mi?)

Bugungi kunda xorijda, asosan qo‘shni yurtlar tarixchilari va tilshunoslari tomonidan o‘zbek tilini yuz yil avval paydo bo‘lgan qurama til deb davʼo qiladiganlar uchramoqda. Albatta buning aksini isbot qilish qiyin emas. Buning uchun istalgancha misol keltirish mumkin.

O‘rnak sifatida Oltin O‘rda davlati hukmdori Ulug‘ Muhammadxon (1405-1445) turk sultoni Murod II ga (1421-1444) yuborgan maktubini olaylik. Maktubda Ulug‘ Muhammadxon usmoniylar bilan eski do‘stona aloqalarni yo‘lga qo‘yish istaligini bildiradi. Quyidagi parchaga diqqat qilsak:

“Haq taolo inoyati ila, Muhammad payg‘ambar moʻjizoti ila Muhammaddin G‘oziy Murodga salom! Burung‘i xon og‘alarimiz Sizning - Rum viloyatining sulton otalaringiz, og‘alaringiz birla elchi-keluvchi iyishb, bo‘lak-salom olishib, bozirgon-o‘rtoq yurishib, yaxshi borish-kelish qilurlar ermish (erdik). So‘ngra xon og‘amiz To‘xtamishxon Sizning ulug‘ bobongiz g‘ozi Boyazidbek birla burung‘i yaxshi yo‘sincha elchi-keluvchi iyishib, bo‘lak-salom olishib, ikkisi taqi do‘stlik yaxshilik uza Tengri rahmatig‘a bordilar. Baso, Haq taolo yarliqab, burung‘i xon og‘alarimizning ulug‘ o‘rnini berib turganda, o‘z ora-to‘ramiz talashib, so‘ngraqi zamonada uchur bo‘lub, taxt Barak qo‘lig‘a tushub turur erdi. Burung‘i yil Xudoyning inoyati birla cherik yurub borib, Barak birla Mansurni qochurdik. Taxtni, mulkni bizga berdilar...”

Maktub maymun yilida, hijriy 831 yil jumodul-avval oyining 27-kuni, 1428 yil 14 martda bitilgan. Ushbu maktub ayni paytda To‘pqopi saroyi arxivida saqlanadi.

Albatta, matnda tilga olingan voqealar, xonlar o‘rtasidagi munosabatlar - bu alohida masala. Ammo, eʼtiborli tomoni, bu til aynan sizu bizning ona tilimizda, eski o‘zbek tilida bitilgan, deyishimiz uchun barcha asoslar yetarli.

Avvalo Oltin O‘rda aholisi O‘zbekxon (1313-1342) zamonidan boshlab, o‘zbeklar deb atala boshlagan edi. Bu haqda Mirzo Ulug‘bekning “To‘rt ulus tarixi” asarida ham eslatib o‘tilgan. Ikkinchidan, yuqoridagi matndan ham ko‘rish mumkinki, uning uslubi Alisher Navoiy, Bobur Mirzo, Abulg‘ozi Bahodirxon foydalangan turkiy til bilan deyarli bir xil, hozirgi tatar, qozoq yoki turk tillariga emas, aynan o‘zbek tiliga ko‘proq yaqin keladi.

Xat ko‘rib turganingizdek, Oldin O‘rda xonidan Usmoniylar davlati sultoniga yuborilgan. Demak har ikki turkiy hukmdor uchun bu til birdek tushunarli bo‘lgan. Bugungi o‘zbek adabiy tili esa, juda keng arealda muomalada bo‘lgan sharqiy turkiy til asosiga qurilgan. Shu birgina maktub tilimizning qanchalik qadimiyligi, uning qo‘llanish doirasida bugungidan ancha keng bo‘lganini yaqqol ko‘rsatadi.