MAQOLALAR
“Shohi Zinda” yoxud Samarqandga kelgan sahoba

Shohi Zinda, yaʼni «Tirik shoh» maqbaralar majmuasi o‘tmish ajdodlarimiz tarixi va taqdirida alohida o‘rin tutadi. Ko‘hna Samarqandning janubiy qismida joylashgan bu ziyoratgoh tarixi payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ning amakivachchalari Qusam ibn Abbos nomi bilan bog‘liq. Payg‘ambarimining aynan u kishi to‘g‘risidagi hadislari maqbaraning kirish eshigi peshtoqida yozilgan: “Qusam ibn Abbos o‘z xulqlari va tashqi ko‘rinishlari bilan menga o‘xshaydigan shaxslardandir”.

Rasululloh(s.a.v)ni ko‘rgan so‘nggi inson

Qusam ibn Abbos (r.a.)ning otalari Rasulullohning amakilari bo‘lgan Abbos ibn Abdulmutallibning (r.a)ning o‘g‘illari edi. Onalari Luboba al-Kubro (Ummu Fazl) Rasululloh (s.a.v.)ning ayollari Maymuna bint Xoris (r.a.) bilan opa-singil bo‘lishgan. Ummu Fazlning olti o‘g‘illari bo‘lgan: Fazl, Abdulloh, Ubaydulloh, Qusam, Maʼruf va Abdurahmon. Ularni barchasi turli mamlakatlarga Islom targ‘iboti uchun yo‘l olishgan va shahid bo‘lishgan.

Qusam ibn Abbos (r.a.) taxminan hijriy 4 (milodiy 626) yili tavallud topgan. Ibn Mojadan naql etilgan rivoyatda aytilishicha, o‘sha paytlarda Ummu Fazl Rasululloh (s.a.v.) ga: «Yo Rasululloh, tushimda oila aʼzolaringizdan biri uyimdaligini ko‘rdim» deganida, ul zot «yaxshilikni ko‘ribsan, Fotima farzandli bo‘ladi va sen uni emizasan» deb javob beradilar. O‘shanda Hasan yoki Husayn (r.a.) dunyoga kelganlar. Ummu Fazl Qusamga qo‘shib ulardan birini emizadi. Ummu Fazlnig aytishicha, bir kuni u Nabiy (s.a.v)ning oldilariga kichkina Qusamni olib boradi va ul zotning tizzalariga o‘tqazadi. Shunda go‘dak u zotning tizzalarini ho‘llab qo‘yadi, onasi uning orqasiga sekin uradi. Shunda Rasululloh (s.a.v): «Alloh rahm qilgur, bolamga ozor berding-ku», degan ekanlar.

Baʼzi rivoyatlarda Rasululloh (s.a.v.) Qusam haqida: «Odamlar ichida Qusam menga xilqat va xulq jihatidan eng o‘xshashidir», deganlar. Qusam ibn Abbos (r.a.) har bir ishida Rasululloh (s.a.v.) ga o‘xshashga harakat qilar edilar. Masjidga boradigan bo‘lsalar, sepib olgan atrining hididan odamlar uning qaysi yo‘ldan o‘tganini bilar edilar.

Qusam ibn Abbos (r.a.) Rasululloh (s.a.v.)ning eng yosh sahobalaridan bo‘lgan. Shuningdek, Rasulullohni eng oxirgi ko‘rgan sahoba ham aynan Qusam ibn Abbos edi. Zero, Rasululloh vafot etib, qabrga qo‘yilganlarida, qabr ichiga tushganlarning eng kichigi bo‘lgani va qabrdan eng oxiri chiqqani rivoyatlarda zikr qilingan. Shunda Qusam 8 yoshlarda bo‘lgan ekanlar.

Makkaning o‘n yettinchi amiri

Qusam ibn Abbos Rasululloh (s.a.v)ning kuyovlari Hazrati Ali ibn Abu Tolib (r.a.)ga sodiq yordamchi bo‘lgan. Jamal, Siffin va Nahravon janglarida ishtirok etgan.

Hazrati Ali (r.a.) xalifalik davrlarida Qusam ibn Abbosni Makka amiri etib tayinlaganlar. U Makka fath etilganidan keyingi 17-amir sifatida milodiy 655–661 yillarda muqaddas shaharga rahbarlik qilganlar. Bu vaqtda u o‘ttiz-o‘ttiz besh yoshlarda bo‘lgan.

  Muoviya ibn Abu Sufyon zamonida Qusam ibn Abbos (r.a.) Xuroson hokimligiga tayinlangan. Keyin Islomni yoyish maqsadida sarkarda Said ibn Usmon bilan Movarounnahrga kelgan. U  Samarqandni egallagach, shariat hukmlarini yurgizmoq niyatida Qusam ibn Abbosni bir qancha askar bilan shu yerda qoldirib, o‘zi ortga qaytgan.

Tabiiyki, bir xalqni bir dindan ikkinchisiga kiritish oson kechmaydi. Islom lashkarlari ham qarshiliklarni yengib borib, o‘lkaning ichkari qismini ishg‘ol qila boshladi. Mahalliy aholi vakillari o‘z ozodligi, milliy va diniy qadriyatlarini saqlab qolish uchun arablarga qarshi bir necha bor bosh ko‘tarishgan. Nima qilganda ham ular bizning ajdodlarimiz, shu tuproq ozodligi uchun kurashgan insonlar edi. Shu sababli “Shohi zinda” haqida rivoyatlar tilga olinganda, ul zotga qarshi kurashganlarni “kofirlar”, “g‘ayridinlar” sifatida nafrat bilan tilga olish ham to‘g‘ri emas, nazarimda.

Xullas, milodiy 677 yil mahalliy aholi vakillari (sug‘dlar va turklar) Samarqandda isyon ko‘tarib, arab askarlariga hujum qiladilar. To‘qnashuv paytida Samarqand namozgohida Qusam ibn Abbos (r.a.)ga o‘q tegib, halok bo‘ladilar. Ul zotni hozirgi “Shohi zinda” majmuasi o‘rnidagi Banu Nojiya qabristonida, Afrosiyob tepalikdagi g‘or yoniga dafn etishadi.

Afsona va rivoyatlar

Keyinchalik, Turkiston mulkida islom dini barqaror bo‘lgach, Qusam ibn Abbos nomi turli afsonalarga yo‘g‘rilib ketgan.

Bir rivoyatda aytilishicha Said ibn Usmon Qusam ibn Abbos bilan birgalikda Ustrushonani fath etish uchun yo‘lga chiqishadi va Siyrakasga yetishganda bir necha kun to‘xtab dam olishadi. Shu yerdagi janglarning birida Qusam ibn Abbos vafot etadi. Mayit solingan tobutni esa Samarqandga jo‘natadilar.

Boshqa bir rivoyatga ko‘ra, Qusam ibn Abbos (r.a.) namoz o‘qiyotgan paytlarida qo‘zg‘olonchilar masjidga bostirib kirishadi. Xuddi shu asnoda mehrobdan bir yoriq ochilib yo‘l paydo bo‘ladi. Qusam ibn Abbos (r.a.) esa ushbu yoriqqa kirib ko‘zdan g‘oib bo‘ladilar.

Abu Hafs an-Nasafiyning “Qandiya” asarida yozilishicha, xuddi mana shu ziyoratgoh joylashgan tepalikda musulmonlar va g‘ayridinlar o‘rtasida shiddatli jang bo‘ladi. Qusam ibn Abbos dushmanlar qurshovida qoladilar.

Shu asnoda ul zotning qarshilarida Xizr (a.s.) paydo bo‘ladilar: “Men Yaratganning izni bilan keldim, Alloh butun Yerning ixtiyorini sizga berdi” deydilar. Xullas shu asnoda yerda bir choh paydo bo‘ladi. Xizrning ishorati bilan Qusam ibn Abbos ana shu chohga kirib g‘oyib bo‘ladilar. G‘animlar yetakchisi askarlariga qarata kim quduqqa tushib, Qusam ibn Abbosni olib chiqsa katta inʼomlar berishini aytadi. Shunda bir pahlavon bu vazifasini o‘z bo‘yniga oladi.

Beliga arqon bog‘lab quduqqa tushgan pahlavon hali quduqning tubiga yetmasdan “meni tortib olinglar” deya faryod qiladi. Darhol uni chiqarib oladilar. “Nima ko‘rding?” deb so‘rashsa, “men pastda juda bahaybat bir ajdahoni ko‘rdim, qaytib bu g‘orga tushmaganim bo‘lsin” deydi...

Afsonalarga ko‘ra, Qusam ibn Abbos qiyomatgacha shu quduq ichida ibodat bilan mashhur bo‘lar, faqat qiyomat kuni yaqinlashgancha, Yer yuziga chiqib Samarqandga qirq yil hukmdorlik qilar emishlar. 

Betakror bunyodkorlik namunasi

Qoraxoniylar davrida Qusam ibn Abbos qabri ustida muhtasham maqbara bunyod etilgan. Keyinchalik xuddi shu yerga 1066 yili Tamg‘ach Bug‘roxon madrasasi qurilgan va unga tutash bir qator turkum majmua yuzaga kelgan. XI-XII asrlarda serhasham bezatilgan boshqa maqbaralar ham vujudga kela boshlagan.

Saljuqiylar hukmdori sultoni Sanjar 1141 yilda qoraxitoylar bilan jang qilib, Samarqandni egallgach, maqbara yaqinida Qusamiya madrasasini qurishga farmon beradi. Ammo ushbu madrasa bugungi qadar yetib kelmagan.

 1219 yil mo‘g‘ullar istilosidan keyin Afrosiyobda hayot so‘ngan. Dastlabki maqbaralar nurab asta-sekin yemirilgan. Amir Temur hukmronligi davrida uning yaqin qarindoshlari va sarkardalari Qusam ibn Abbos (r.a.) maqbarasi atrofida o‘zlari uchun maqbaralar qurdirishgan. Qoraxoniylar sulolasidan to mang‘itlar hukmronligiga qadar kechgan sal kam ming davomida mazkur majmua tobora kengayib, borgan. Majmuadagi binolarning aksariyati podshohlar xonadoniga mansub shaxslarning maqbaralaridir.

XIII asrda mo‘g‘ul istilochilarining Samarqandga qilgan harbiy yurishlari XI-XII asrga oid ko‘plab inshootlarning, buzilib, xarobaga aylanishiga sabab bo‘ldi.

Qabriston XIV asrda qaytadan tiklana boshlandi. Amir Temur hukmronlik qilgan 1370-1405 yillarda qurilish ishlari jadal surʼatda olib boriladi. Bu inshootlarning ko‘pchiligi bizning davrimizgacha yetib kelgan. “Shohi Zinda” meʼmorchilik majmuasiga ulkan o‘ymakor darvozadan kiriladi. Bu darvoza Mirzo Ulug‘bekning ikkinchi o‘g‘li Abdulʼaziz tomonidan 1434-1435 yillarda bunyod etilgan.

1372 yilda qurilgan Shodimulk og‘o maqbarasi Shohi Zinda Amir Temur davrida qurilgan birinchi inshoot hisoblanadi. Binoda 11 yoshida vafot etgan Amir Temurning jiyani Shodimulk og‘o dafn etilgan. Bu binoni Amir Temurning opasi Turkon og‘o erta vafot etgan qiziga atab qurdiradi. 1383 yilda o‘zi ham shu yerga dafn etilgan.

Majmuadagi Amir Xusayn va uning onasi uchun qurilgan obida meʼmorchilikning eng nozik namunalaridan. Amir Temur ularga ehtirom ko‘rsatib, ularni shu yerga dafn ettirgan. Maqbara 1376 yilda qurilgan bo‘lib, bir necha marta taʼmir etilgan.

“Shohi zinda”dagi navbatdagi inshootda  sarkarda Amirzoda va unga tegishli aslzodalardan yetti nafar kishi dafn etilgandir. Uning peshtoqida faqat vafot etgan sana - 786 (1386) yil yozilgan.

Shuningdek, majmua tarkibiga kiruvchi Shirinbeka og‘o maqbarasi sohibqironning singlisiga tegishli deb qaraladi. Uning ravog‘ida marhumaning vafot yili – hijriy 787 (1385) yil ko‘rsatilgan. 

Inshootlar ichida meʼmorchilikning o‘ziga xos namunasi sanalgan sodda bezakli, sakkiz yoqli maqbara mavjud. Maqbaraning tagida 4 ta aslzoda ayol kishining sag‘anasi bor. Binoning boy bezaklari bu yerda ham temuriylarga tegishli shaxslar yotganligidan darak beradi.

Shuningdek, “Shohizinda” meʼmoriy obidasi tarkibiga kiruvchi Usta Ali Nasafiy (XIV asr), Amir Burunduq  (XIV asrning 80 yillari), Xoja Ahmad (1360 yil), Qutlug‘ Oqo (1360-1361 yillar) maqbaralari, Tuman og‘a majmuasi (XIV asr) – umuman olganda majmuadagi 43 inshootning har birining tarixi bir necha kitoblar uchun mavzu bo‘la oladi.