Xivaning o‘ziga xos tashrif qog‘oziga aylangan Kaltaminorning loaqal suratini ko‘rmagan hamyurtimiz bo‘lmasa kerak. Minora Xiva xoni Muhammad Aminxon tomonidan madrasa yonida qurilgan bu minora ko‘rinishi kesik konus shaklida bo‘lgani uchun “Kalta minor» nomini olgan. Balandligi 28 metr, diametri 14,5 metr bo‘lgan ushbu minora o‘z davrida “Ulli (ulug‘) minor”, “Ko‘kminor” nomlari bilan ham atalgan. Minora Muhammad Aminxon buyrug‘i 1852 yilda boshlangan.
Mashʼum qirg‘in
Tarixchilarning yozishicha, ushbu minora qurilishi boshlangan 1855 yilda Muhamad Aminxon davlatga soliq to‘lashdan bosh tortib, Eron shohiga moyillik ko‘rsata boshlagan Marv yaqinidagi Seraxs qalʼasini qamal qiladi. Qalʼa hokimi O‘rozxon Xiva qo‘shinlaridagi turkmanlarga murojaat qilib, xonga bo‘ysunmaslikni so‘raydi. Uning iltimosiga ko‘ngan turkmanlar jang maydonini tark etadilar.
Jangda Seraxs hokiminning qo‘li baland keladi. Muhammad Aminxon yaralanadi. Xon soqchilari uni oxirgi tomchi qonlari qolguncha himoya qilib, qahramonlarcha halok bo‘lishadi. O‘rozxon asir tushgan xon va uning yaqinlaridan olti kishining boshini tanasidan judo qilib, Tehronga Nasriddin shoh Qojorga jo‘natadi.
Shohga turkmanlarning bu o‘zboshimchaligi xush kelmaydi. Uning buyrug‘i bilan Tehronda darvozai Davlat maqbarasida baland gumbaz qurdirib, boshlarni yuvib, kafanlab dafn ettiradi. Muhammad Aminxonning boshsiz tanasini Xivaga olib ketadilar. Uning tashabbusi bilan boshlangan minora qurilishi ham to‘xtab qoladi.
Muhammad Aminxondapn so‘ng taxtni uning o‘g‘li Avaz inoq egallaydi. Oradan biroz fursat o‘tgach, uning o‘g‘li Eltuzar inoq o‘zining qirqta xos yigiti bilan Tehronga borib, bobosi Muhammad Aminxonning boshini keltiradi va Xivadagi gavdasi yoniga dafn etadi.
Qanot chiqargan usta
Minoraning bitmay qolgani to‘g‘risida bir necha afsonalar to‘qilgan. Ulardan biriga ko‘ra, Xiva xoni ustaga dunyodagi eng baland minorani qurasan, deb amr qiladi. Usta boshlagan ish ikki yil davom etadi va minora ham bo‘y cho‘za boshlaydi. Bu minoraning ovozasi Buxoro amirining qulog‘iga yetadi. Amir usta bilan xufiyona shartnoma tuzadi. Unga ko‘ra usta Xivadagi minorani bitkazgach, bundan ham baland va chiroyli minorani Buxoroda qurib berishi kerak ekan.
Bu shartnoma haqidagi maʼlumotlarni eshitgan Xiva xoni minora bitgach, ustani o‘ldirishini aytadi. Xonning mashʼum niyatidan xabar topgan usta qochib ketishni rejalashtiradi. O‘z navbatida xon ustaga minoradan tushmasdan ishlashni buyuradi.
Endi usta shogirdining xizmatiga muhtoj bo‘lib, unga qanot yasash uchun kerakli bo‘lgan qog‘oz, qamish, xoda, ip kabi ashyolarni yetkazishni so‘raydi. Asta-sekin bu narsalardan minora tepasida qanotlar yasab, bir kun tong saharda janubga tomon uchib ketadi. Shundan keyin minora ham bitmay qolgan ekan.
Kimning “ko‘z”i o‘tkir?
1873 yilda general gubernator fon Kaufmanning buyrug‘iga asosan podporuchik Grigoriy Krivsov xivalik bir qariyadan ushbu minora haqida yana bir afsonani yozib oladi.
Bir kun muazzin erta tongda musulmonlarni bomdod namoziga chaqirib, azon aytayotgan paytda minoraning ustki qismi muazzin bilan birgalikda uning ichiga o‘pirilib tushadi. Bu hol barcha musulmonlarni vahimaga solib qo‘yadi va Allohning bir karomati deb tushuniladi. Shundan buyon hech kim bu minoraning ustiga chiqmas va azon aytmas emish.
Yana bir afsonada aytilishicha, minora bitgan va juda baland ekan. Bir xorijlik kelib, unga qaragan va “Eh, nihoyat baland va chiroyli ekan”, deb xitob qiladi. Haligi ajnabiyning “ko‘zi” bor ekan. Minora qulab tushadi. Bu holatni xivalik bir kishi kuzatib turar, u ham “ko‘z” tekkizishda benazir edi. Bu holatni ko‘rib, “eh, ko‘zingga tasanno” deganida, haligi ajnabiyning ko‘zlari sitilib tushadi.
Qayta tiklangan bitiklar
Ko‘k minoraning tepasiga Ogahiyning bitta sheʼriy tarixi bitilgan bo‘lib, bu yozuvlar sho‘rolar hukumatining boshlanish davrida yo‘qotib tashlangan.
Keksalarning eslashicha, 1932 yil, 1 May bayrami, hamma qo‘liga qizil matoga yozilgan shiorlarni ko‘tarib paradga chiqishadi. Birdan yomg‘ir yog‘ib, shiorlarni yuvib ketadi. Shunda chekkada turgan taqvodor qariyalar “ko‘rdingizmi, sizlarning shiorlaringiz bitta yomg‘irga ham dosh berolmadi, hukumatingiz ham shunday, bizning minoramizdagi yozuvlarni qarang, yuz yillar o‘tsa ham kechagidek turaveradi”, deb taʼna qilishadi.
Bundan g‘azablangan hukumat aʼzolari Kaltaminordagi yozuvlarini beshotar miltiqidan otib yo‘q qilishadi. Xiva shahrining 2500 yillik yubileyi arafasida bu yozuvlar qayta tiklanadi.
Minora tepasidagi bitiklarda «Falak qasrining ustuni» jumlasiga tarix yashiringan bo‘lib, undagi harflar qo‘shib chiqilsa, 1269 (1853)-yil kelib chiqadi. Demak, 1853 yilda minora qurilishi tugallangan.