Eron va Yaqin Sharq hududida Safaviylar tarix sahnasini tark etishi bilan hokimiyat tepasiga yana bir turkiy sulola Afshorlar (1736-1795) keladi. Afshorlar Kavkazdan Hind daryosigacha bo‘lgan salkam 4 kvadrat kilometr hududni qo‘lga kiritishgan bo‘lib Eron Sosoniylar davridan buyon buncha hududga ega bo‘lmagan.
Sulolaning asoschisi Nodirshoh Afshor (1688-1747) – Eron Shohi 1736 yilda Safaviylar davlatida yuzasiga kelgan parokandalik va tanazzuldan foydalanib, Sobirobod shahridagi qurultoyda o‘zini shoh deb eʼlon qiladi va shu tariqa yangi sulola o‘z hukmronligini boshlaydi.
Taxtga chiqqan Nodirshoh shialik o‘rniga sunniylikni hukmron aqida ekanligini rasman eʼlon qiladi. 1737 yili Afg‘onistonni egallaydi. 1738 yilda Hindistonga Boburiylar ustiga qo‘shin tortib, Dehlini qo‘lga kiritadi va shaharni vayron qiladi. 1739 yil may oyida Nodirshoh katta xazinani qo‘lga kiritib Eronga qaytdi. Shundan so‘ng Nodirshoh Buxoro va Xivaga ham qo‘shin tortadi va amaldagi ashtarxoniylar va shayboniylar hukmronligiga barham beradi. Shundan so‘ng bir necha yillik tanazzuldan so‘ng Buxoroda hokimiyatni mang‘itlar, Xorazmda qo‘ng‘irotlar qo‘lga kiritadi.
1747 yil Nodirshoh o‘z qo‘shinidagi forslarga qarshi keskin siyosat boshlagan chog‘da, uning o‘ziga qarshi suiqasd uyushtirilib, sarkardalaridan biri Solihbey tomonidan o‘ldirildi. Nodirshoh o‘limidan so‘ng uning qo‘l ostidagi viloyatlarning katta qismi parchalanib ketdi. Qandahorda afg‘on sarkardasi Ahmadshoh Durroniy o‘zini mustaqil hukmdor deb eʼlon qildi.
Afsharlar tarix sahnasida 60 yilga yaqin turgan bo‘lsalar-da, qurilish va meʼmorchilik, adabiyot va sanʼat rivojiga eʼtibor qaratishgan. Xususan, temuriylar davri anʼanalariga afshorlar, ayniqsa Nodirshoh hukmronligi davrida yetarlicha amal qilingan.
Maʼlumki, Alisher Navoiy o‘z davrida Eron hududida, jumladan Mashhadda bir qator qurilish va obodonchilik ishlarini amalga oshirgan. Ayniqsa, Imom Rizo majmuasi hududida yangi inshootlar barpo etgan. Navoiy ko‘rsatmasiga binoan, Imom Rizo maqbarasining qarshisida ziyoratchilar uchun alohida ayvon qurdirilgan. Ammo oradan vaqt o‘tishi bilan majmua tarkibidagi ayvon, xonaqoh va maqbaralarga jiddiy shikast yetgan. Ayni paytda Sahni inqilob deb nomlangan bu hududdan turli davrlarda qurilgan to‘rtta ayvon va darvozalar o‘rin olgan.
Nodirshoh 1734 yilda Alisher Navoiy tomonidan qurilgan ushbu ayvonni taʼmirlatib, uning yuzasini oltin qoplamalar bilan ziynatlaydi. Shundan so‘ng bu ayvon xalq orasida “Ayvoni tilloi Nodiriy” (“Nodirning oltin ayvoni”) deb nom oladi.
A.Semyonov Rossiya davlat ommaviy kutubxonasida saqlanayotgan Navoiy qo‘lyozmalarini o‘rganar ekan, “Hayrat ul-abror”ning Buxoroda ko‘chirilgan bir nusxasi orasidan Abulfayzxonning (1711-1747) Eron shohi Nodirshoh Afshor (1736-1747)ga yuborgan maktubi topilganini yozadi.