Mamlakatimiz hududida azal-azaldan oila muqaddas sanalgan. Er-xotin o‘rtasidagi munosabatlarni belgilashning huquqiy mexanizmi ming yillar avval shakllangan. Bunga qadimgi So‘g‘diyona hududida topilgan, VIII asrga mansub nikoh shartnomasi ham misol bo‘la oladi.
Mazkur hujjat 1932 yilda Samarqand yaqinidan topilgan bo‘lib, unda Uttekin ismli turk yigiti va Dug‘dg‘uncha ismli so‘g‘d qizi o‘rtasidagi nikoh munosabatlari aks etadi. Mazkur hujjat keyinchalik mashhur sharqshunos olim Vladimir Livshis tomonidan nashr qilingan. Ayni paytda mazkur hujjat Sankt-Peterburgda Rossiya Fanlar akademiyasining Sharq qo‘lyozmalari institutida saqlanmoqda.
Mazkur shartnoma ikki bo‘lak trapetsiyasimon teriga bitilgan bo‘lib, taxminlarga ko‘ra, 710 yil 25 mart, seshanba kuni bitilgan. Hujjatda qayd qilinishicha, kuyovning ismi Uttekin, laqabi Nidon bo‘lgan. U Navekat hukmdori Cher Vaxzanak o‘g‘lining vasiyligidagi Dug‘dg‘uncha Viyus qizini (laqabi Chata) xotinlikka olgan. Unda Uttakin Chatani sevikli xotin sifatida hurmat qilishi, oziq-ovqat, kiyim-kechak, taqinchoqlar bilan taʼminlashi, sevib ardorqlashi, Chata esa Uttakinni sevikli er sifatida hurmat va ehtirom bilan asrashi, erining baxt-saodati haqida qayg‘urishi, uning buyrug‘iga itoat qilishi lozimligi qayd etilgan.
Hujjatda yozilishicha, agar kelajakda Uttakin Dug‘dg‘uncha bilan ajrashadigan bo‘lsa, birgalikda yashagan vaqtida olgan shaxsiy narsalari va tovon pulini berib, hech qanday shartlarsiz jo‘natib yuborishi, agar Dug‘dg‘uncha Uttakinga bundan buyon xo¬tin bo‘lmaslik qaroriga kelsa, unda xotinlikdan chiqib ketishi, bu holda Uttakinga kiyishga yaroqli kiyimlar qoldirishi, Uttakindan olgan bezak taqinchoqlarni va boshqa narsalarni tashlab ketishi, faqat birgalikdagi kechgan turmushi davomida ortgirgan mulkini olib ketishi kerak bo‘ladi.
Shuningdek, Dug‘dg‘uncha nikoh bekor qilingach, boshqa hech narsa uchun javobgar bo‘lmaydi, u o‘zi xohlagan kishiga turmushga chiqishi mumkin. Ajrimdan so‘ng Uttakin va Dug‘dg‘uncha bir-birlarining g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari uchun javob bermaydi. Nikohni qayd qilish haqidagi hujjat "Qonunlar uyi"da, uning boshligi huzurida uchta erkakning guvohligida kotib tomonidan imzolangan.
Kuyovning kelin oldidagi majburiyatlari haqidagi hujjatda kuyov Uttakinning kelin Chataning urug‘-aymoqlari oldidagi burchlari o‘z aksini toptan. Hujjatda ko‘rsatilishicha, u tuzilgan kundan Chata toabad Uttakinga xotin bo‘lib kelajakda, kuyov kelin tomon oldida Chatani sotmaslik, qarz evaziga qullikka bermaslik, biror kimsaning homiyligidagi o‘z mulkiga aylanishiga ham yo‘l qo‘ymaslik; agar kimdir Chatani Uttakindan bevosita yoki sirtdan tortib olsa, uni tahqirlasa, uni shu zahotiyoq, hech qanday ziyon-zahmatsiz ozod qilish; agar Chata Uttakin bilan qolishni xohlamasa yoki Uttakin uni qo‘yib yuborsa, biroq kelinning urug‘ aymoqlariga uni ziyon-zahmatsiz yetkazib bermasa, u holda 100 dirham kumush pul to‘lashi belgilangan. Agar pulni vaqtida to‘lamasa 10 dirhamiga 2 dirhamdan ustama to‘lash majburiyatini olgan.
Bu hujjat bundan 13 asr oldin, hali islom dini kirib kelmasidan avval ham O‘zbekiston xududida mulkiy, oila-nikoh munosabatlarini tartibga soluvchi mukammal qonunlar bo‘lganidan, yuksak huquqiy madaniyat shakllanganidan dalolat beradi.