MAQOLALAR
Amerikaga yo‘lni Kolumbga Farg‘oniy ko‘rsatganmidi?

Amerikani mashhur sayyoh va dengizchi Xristofor Kolumbdan avvalroq buyuk ajdodimiz Abu Rayhon Beruniy kashf qilgani haqida juda ko‘p o‘qiganmiz va eshitganmiz.

Maʼlumki, dengiz orti mamlakatlari haqida Kolumbdan ilgari ham turli tasavvurlar bo‘lgan. Xususan, skandinaviyalik vikinglar bundan ming yilcha ilgari olis qitʼa haqida turli qarashlarga ega bo‘lishgan. Rodos orollarida yashagan qadimiy finikiylar yoki o‘rta asrlarda San-Fransisko ko‘rfazi orqali kelgan xitoyliklar ham bu qitʼaga ilk bor chetdan qadam bosishgani haqida daʼvolar bor. Markaziy Osiyo tarixi bo‘yicha yirik mutaxassis Frederik Starrning tadqiqotlariga ko‘ra, Amerika qitʼasining mavjudligini aynan Abu Rayhon Beruniy birinchi bo‘lib ilmiy jihatdan to‘laqonli isbotlab bergan.

Beruniy yoshlik chog‘idayoq o‘z yurtining kengligini va uzunligini o‘lchashga muvaffaq bo‘ldi. Dunyo olimlarning asarlari, ulardan keyingi manbalar va o‘zining mushohadalari asosida Yer kurrasining aylana shaklda ekanligini aniqladi.   

Beruniy davrigacha bo‘lgan geograflar 15 ming mildan iborat Yevroosiyo quruqligini “dunyo okeani” bilan o‘ralgan deb tushuntirib kelishgan. Lekin aynan Beruniy yer yuzining beshdan uch qismi haqiqatan ham suv bilan o‘ralgani ehtimolini chuqur kuzatish va mantiq asosida rad etadi. Qattiq minerallarning aksariyati suvdan og‘ir ekanligini eʼtiborga olsak, suv bilan to‘la olam bu sayyorani jiddiy nomutanosiblikka olib kelishi, bu esa vaqt o‘tishi bilan sayyoradagi hayotni izdan chiqarishi Beruniyni yangicha xulosaga chorlaydi: Yaʼni ummon ortida Yevroosiyo materigidan biroz kichikroq maydondagi quruqlik mavjud.

Oradan besh asr o‘tib, Kolumb Amerikani o‘zi bilmagan holda kashf etarkan, u Beruniyning yuqoridagi tadqiqotlaridan xabardor bo‘lganmi, yo‘qmi, aniq gap aytish mushkul. Ammo, u yana bir hamyurtimiz Ahmad al-Farg‘oniyning Yer meridianini o‘lchash haqidagi xulosalaridan xabardor ekani aniq.

Gap shundaki, bundan ming yil avval Abbosiylar tomonidan tashkil qiligan “Baytul-hikma” akademiyasida faoliyat ko‘rsatgan Farg‘oniy u yerda faoliyat ko‘rsatgan yana bir buyuk alloma Xolid ibn Abdulmalik al-Marvarudiy bilan birgalikda 832- 833 yillarda Suriya shimolidagi Sinjar dashtida Yer meridianining bir darajasini aniqlash, Quyosh va Oy harakatlarini kuzatish bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borgan. Tajribalar natijasida bu miqdor 56,7 mil yoki 111,803 kilometr degan xulosaga kelingan. Yer aylana sifatida 360 darajaga teng ekani bundan ilgari ham fanda maʼlum edi. Shu nuqtai nazardan bu raqam 360 ga ko‘paytirilsa, 40 249 kelib chiqadi. Bu o‘sha paytdagi hisob-kitoblarga ko‘ra, Yer ekvatorining uzunligini anglatgan.

Bugungi hisob-kitoblar natijasida Ekvatorning umumiy uzunligi 40075 kilometr ekani aniqlangan. Oradagi farq atigi 74 kilometr. Bundan 1200 yil avval al-Farg‘oniy hali bugungidek zamonaviy texnika, asbob-uskunalar bo‘lmagan bir paytda ana shunday mushkul ishning uddasidan chiqqani, Ekvator uzunligini 99.6 % aniqlikda ko‘rsatib berilgani kishini hayratga soladi.

Al-Farg‘oniy bu xulosalarini keyinchalik o‘zining «Astronomiya ilmi asoslari» asarida ham bayon qiladi. Oradan yuz yillar o‘tib, bu asar G‘arb tillarida ham tarjima qilinadi. Jumladan, asar ilk bor 1135 yilda Yoxannes Xispaniyensis tomonidan lotin tiliga o‘giriladi va Yevropa Uyg‘oniy davrining olimlari uchun muhim qo‘llanma vazifasini o‘taydi.

1453 yilda Konstantinopol Usmoniylar tomonidan zabt etilgach, yevropaliklar uchun Sharqqa boradigan yo‘l yopib qo‘yildi. Shunday yevropa qirollari Sharqqa, xususan Hindistonga boradigan boshqa yo‘llarni izlashga kirishdilar.

                                                                                                                           

Hindistonga yangi yo‘l ochish orzusida yurgan genuyalik dengizchi Xristofor Kolumb o‘sha vaqtda vatandoshimiz Ahmad Farg‘oniy qalamiga tegishli bo‘lgan mazkur kitobning lotincha tarjimasini o‘qib qoladi. Shundan so‘ng Kolumb al-Farg‘oniy maʼlumotlariga tayanib, Angliya, Portugaliya va Fransiya qirollari huzuriga boradi va Yer kurrasini aylanib o‘tish mumkinligini aytib, o‘z rejasini taklif qiladi. Nihoyat, 1492 yilda Ispaniya qirollik oilasi Kolumb bilan shartnoma tuzadi va ekspeditsiya uchun mablag‘ ajratadi. 1492 yil 3 avgust kuni Kolumb boshchiligida “Santa Mariya”, “Pinta” va “Iniya” kemalari Ispaniya qirg‘oqlaridan yo‘lga chiqadi.

Kolumbning kundaliklarida yozilishicha, uning kemasi dengizda 70 kun adashib, to‘lqinlar izmida sarsari suzgan damlarda ham Farg‘oniyning kuzatishlariga tayanadi va nihoyat 1492 yil 12 oktyabr kuni Karib dengizidagi Bagama orollaridan birini topadi. Orolni Kolumb “San-Salvador” (Muqaddas Xaloskor) deb ataydi va bu orolda Ispaniya bayrog‘ini ko‘taradi. Shundan so‘ng u Gaiti va Kuba orollarini kashf etadi. Ushbu orollar Hindistonga qarashli deb o‘ylagan Kolumb   bu yerdagi tub aholini “hindular” deb ataydi.

Xullas, dunyo tarixida eng muhim kashfiyotlardan biri bo‘lgan Amerika qitʼasining kashf etilishi uchun Kolumbdan yuz yillar avval Abu Rayhon Beruniy, Ahmad Farg‘oniy singari ajdodlarimiz tamal toshini qo‘yib ketgan edilar.