MAQOLALAR
“Usmoniylar davrida Navoiyga teng keladigan shoir bo‘lmagan”

Ha, bu fikrni aynan XIX asrda yashagan usmonli-turk ziyolilari aytishgan.

Maʼlumki, olti asrdan ko‘proq jahonga dovrug‘ solgan Usmoniylar davrida turkiy til va adabiyot yuksak darajada taraqqiy etdi. Bunda buyuk mutafakkir Alisher Navoiyning munosib o‘rni bor. Chunki, usmoniy hukmdorlar davrida Navoiy asarlari qayta-qayta ko‘chirilgan. Usmonli shoirlar Navoiy g‘azallariga yuzlab naziralar bog‘lashgan. Usmoniylar davri turkchasi Navoiy foydalangan eski o‘zbek tilidan sezilarli darajada farqlansa-da, shoirlar aynan ulug‘ mutafakkirimiz tili va uslubiga yaqin lahjada ijod qilishgan.

1876 yildan 1923 yilgacha davom etgan, Usmoniylar saltanatining so‘nggi bosqichi,  Mashrutiyat, yaʼni konstitutsion monarxiya davri turk dunyosining uyg‘onishi, turkiy shoirlar merosining o‘rgailishiga yana-da ko‘proq turtki berdi. Turk matbuotida milliy uyg‘onish va turkchilik bilan bog‘liq chiqishlar nisbatan keng tus oldi. Jumladan, sharqiy turkiy til – eski o‘zbek tili va unda yaratilgan asarlarni o‘rganishga qiziqish yana-da ortdi. Chig‘atoy va usmonli tilidagi so‘zlar lug‘atlari yaratila boshladi.

1882 yilda chop etilgan “Lug‘ati chig‘atoyi va turkiyi usmoniy” lug‘atining muqaddamasida Shayx Sulaymon Afandi chig‘atoy turkchasi Alisher Navoiy boshchiligidagi bir qancha shoir va adiblar tili ekanligi, bu tilda turk adabiyotining ko‘plab durdonalari yaratilgani, bu til Turkistonda yashovchi o‘zbek, turkman, qozoq, mug‘ul, qipchoq, qirg‘iz, qalmoq xalqlari uchun umumiy adabiy til ekanligini qayd etadi.

Mashrutiyat davrining ko‘zga ko‘ringan ziyolilaridan yana biri, atoqli turk olimi va adibi Shamsiddin Somiy 1897 yilda “Tarjimoni haqiqat” va “Sarvati funun” gazetalarining qo‘shma sonida “Lison va adabiyotimiz” maqolasida Alisher Navoiyning turkiy tillar rivojidagi unutilmas hissasini yana bir karra eslatib o‘tadi:

"Movarounnahrda Alisher Navoiy zuhur edib, chig‘atoychaning adabiyotini mukammmaliyatin avji bolosina isol etdi. Chig‘atoycha ichun bugungi kunda dag‘i Alisher Navoiyning tarz va uslubina tobe o‘lmaktan boshqa tariq yo‘qtur. Bizda esa, o‘yla muqtadoi omm o‘lajak buyuk bir adib va shoir zuhur etmadi. Davlati Usmoniyaning avoyili taʼsisinda yozilan ashʼor va nasrlari o‘lduqcha soda, lokin o‘lduqcha-da qabadur. Hich birinda duzg‘un bir ibora va oliy bir fikra tasodif o‘lunmayur.”

(Til va uslub saqlab qolindi)

Yaʼni, “Movarounnahrda Alisher Navoiy zuhur etib, chig‘atoy adabiyotining kamolini avj nuqtaga yetkazdi, Chig‘atoy tili rivoji uchun bugungi kunda ham Alisher Navoiyning usuli va uslubiga rioya qilishdan boshqa chora yo‘q. Bizda taassufki ana shunday so‘z ustalari uchun yetakchi bo‘la oladigan darajadi bir daho shoir yetishib chiqmadi. Usmoniylar davlati yuzaga kelganidlan beri bu tilda yaratilgan sheʼriy va nasriy asarlar nihoyatda sodda va o‘ta qo‘polligi bilan farqlanadi. Ularning hech birida to‘g‘ri bir ibora va aʼlo darajadagi fikrni uchratish imkoni yo‘q”, deyiladi maqolada.

Ona tilining fidoyi targ‘ibotchilaridan biri bo‘lgan Shamsiddin Somiy o‘z chiqishlaridan birida usmonli turkchasini o‘zga tillar taʼsiridan tozalash xususida kuyunib gapirarkan, bu borada Alisher Navoiy singari buyuk mutafakkirlarning asarlari va maktublarini misol qilib keltiradi:

“Xususan, Navoiy singari ulug‘ adiblarning sharqiy turkiy tilda bitilgan asarlarini maktablarimizda o‘qitishimiz, ulardan davlat siyosati daradasida keng foydalanishimiz bu boradagi maqsadlarimiz ro‘yobiga xizmat qiladi”, - deb yozadi Shamsiddin Somiy.

Adib chig‘atoy turkchasidagi eski turkiy so‘z va iboralarni usmonli turkchasiga olib kirish orqali uning adabiy til sifatidagi qudratini yana-da oshirish va turkiy xalqlar orasida siyosiy birlikni taʼminlash maqsadida chig‘atoy turkchasida bitilgan asarlarni maktablarda darslik sifatida o‘qitilishi zarur deb hisoblaydi:

Afsuski, Shamsiddin Somiyning kuyunchaklik bilan ilgari surgan har ikki orzusi ham amalga oshmadi. Chunki, Usmoniylar davlati bu davrda tobora zaiflashib, Yevropadagi siyosiy mojarolar, urush va nizolar girdobiga chuqurroq kirib borar, hukmdorlar va amaldorlar o‘zlari uchun til siyosatidan ham muhimroq deb bilgan masalalaridan ortmas edilar. Turkiy xalqlar orasidagi siyosiy birlik haqida ham gap bo‘lishi mumkin emasdi. Chunki bu paytda Turkistondagi har uchada davlat (Buxoro amirligi, Xiva hamda Qo‘qon xonliklari), shuningdek Kavkaz, Volgabo‘yidagi turkiy xalqlar Chor Rossiyasi asorati ostiga tushib qolgan edi.