MAQOLALAR
Buyuk Akbar: "Dunyo bir ko‘prikdir..."

                                                                                                             

Buyuk Akbar (1542–1605) – boburiylar sulolasining eng qudratli hukmdorlaridan biri, Humoyunning ikkinchi o‘g‘li bo‘lib, 1542 yil 14 oktyabrda Amarkot qo‘rg‘oni, Sind qishlog‘ida tug‘ilgan. 1556 yil 15 fevralda 13 yoshida taxtga o‘tirgan. Dastlab vaziri Bayramxon otaliq yordamida taxtni boshqargan, so‘ngra balog‘at yoshiga yetgach, mamlakatni mustaqil ravishda idora eta boshlagan.

U saltanatini kengaytirish uchun muttasil kurashgan. Akbarshoh davrida Boburiylar saltanati shimolda Balxdan tortib janubda Godovari daryosigacha (Kashmir va Afg‘oniston hududlari bilan), g‘arbda Arabiston dengizidan Sharqda Bengaliya qo‘ltig‘igacha bo‘lgan ulkan hududni qamrab olgan.

Akbar markazlashgan saltanat tuzish maqsadida 1574 yildan ichki islohotlar o‘tkazishga kirishadi: qo‘shin ustida nazoratni kuchaytiradi va uni qayta tashkil yetib, yangidan qurollantiradi, mamlakatni yangi maʼmuriy tumanlarga bo‘ladi. Akbar nikoh rishtalari orqali Rajput knyazliklari bilan aloqalarni mustahkamlagan. Rajputlar otliq qo‘shini Akbar armiyasining asosini tashkil qilgan.

Akbar aholi orasida diniy jihatdan o‘zaro birdamlikka erishish maqsadida hindlarni yuqori mansablarga tayinlay boshlagan va yangi diniy taʼlimot — “dini ilohiy”ni joriy etgan. Bu din islom, hinduizm, parsizm va jaynizm taʼlimotlari qorishmasidan iborat bo‘lgan. Bu dinga eʼtiqod qilganlar Akbarning marhamatiga sazovor bo‘lganlar.

Akbar ilm-fan, sanʼatga ham homiylik qilgan. Memorchilik va qurilish ishlariga katta eʼtibor bilan qaragan. U bunyod ettan inshootlarning dastlabkisi otasi Humoyun xotirasiga bag‘ishlab Dehli shahrida qurdirgan maqbaradir. Bino marmar qoplama bilan bezatilgan, asosiy binoning to‘rt burchagidan to‘rtta minora qad ko‘tarib turibdi. Qo‘sh gumbazining silliq qovurg‘alari uchining eng yuqori cho‘qqida birlashtirilishi temuriylar davri meʼmorchiligini eslatadi.

 Akbariing buyrug‘iga binoan Agra, Lohur, Allohobod kabi shaharlarda ham ulkan qala va ko‘rkam binolar bunyod etildi. Bular orasida Akbarning o‘zi 1569 yilda tamal toshini qo‘yib bergan Fotihpur shahri alohida o‘rin tutadi. Bu meʼmoriy obida Akbarning Dekkan o‘lkasiga 1602 yilgi g‘olibona yurishlari sharafiga yodgorlik sifatida qad rostlagan.

Darvoza peshtoqiga quyidagi so‘zlar bitilgan: «Bu dunyo bir ko‘prikdir, undan o‘tib boraver, lekin uning ustiga uy qurmagin. Bu o‘tkinchi bir dunyodir, uni toat-ibodat bilan o‘tkazgin. Sening eng katta boyliging – qilgan toat-ibodatingdir. Shuni unutmaginki, bu dunyo omad kelib-ketganini aks ettiruvchi bir ko‘zgu xolos».

Panj Maxal maqbarasi 1580 yilda Akbar tashabbusi bilan bunyod etilgan yodgorliklar ichida alohida ajralib turadi. Bu mykammal bino besh qavatdan iborat piramidasimon ulkan yodgorlik bo‘lib, uning xar bir qavati maxsus serhasham ustunlar ustiga o‘rnatilgan. Agra va Lahor qalalari xam bevosita Akbarning homiyligi va sinchkov nazorati ostida bunyod etilgan. 15 yil davomida Akbarning farmoni asosida 500 dan ortiq bino qad ko‘tardi. Ular orasida Akbari Mahal va Jahongiri Mahal koshonalari aloxida mahobat bilan ko‘zga tashlanadi.

Bu davrdagi meʼmoriy obidalar acocan qizil marmar va toshdan qurilgan, meʼmoriy uslub jihatidan Markaziy Osiyo musulmonlariga va mahalliy hind ustalariga xos meʼmoriy sanat namunalarining uyg‘unlashuvini eslatadi. Serjilo va serviqor gumbazlar, baland peshtoqli ark va ravoqlar, daryo sohili yaqinida bunyod etilgan mahobatli qalalar, binolar bezagida marmarning ko‘plab qo‘llanilishi, serjilo va jimjimador naqshlar, o‘ymakorlik ishlari, turli ilg‘or uslublarning o‘zaro mantiqiy qorishuvidan ana shu davrga xos nafas ufurib turadi.         

Akbarning vaziri va do‘sti Abulfazl Allomiy uning saltanati tarixiga oid “Akbarnoma” asarini yozib qoldirgan. Akbar buyuk davlat arbobi, quvvai hofizasi kuchli, jasur, iqtidorli sarkarda bo‘lgan.

 Akbar Markaziy va Shimoliy Hindistonni o‘ziga bo‘ysundirib, mamlakatda yuzaga kelgan siyosiy tarqoqlikka chek qo‘ygan. Iqtisodiy, siyosiy, maʼmuriy, harbiy va diniy islohotlarni amalga oshirgan. Usmoniylar, shayboniylar, safaviylar, shuningdek, Yevropa davlatlari bilan aloqalarni kengaytirgan. U 1605 yil 26 oktyabrda Agra shahrida vafot etgan.