...Bu satrlarni o‘qimagan, loaqal uning asosida yaratilagan dilbar taronani eshitmagan o‘zbek bo‘lmasa kerak. Ayni paytga qadar qo‘shiqni o‘nlab xonandalarimiz turli darajada ijro etishgan. Bu sheʼrning muallifi kim, nima maqsadda bitilgan, kimga atalgan – bu savollarning javobini hamma ham bilavermaydi.
Albatta, asar muallifi adabiyot muxlislariga yaxshi tanish – Zokirjon Xolmuhammad o‘g‘li Furqat (1858-1909). Har bir bandi olti qatordan iborat bo‘lgan bu yirik sheʼr mumtoz adabiyotda musaddas, yaʼni oltilik deyiladi. Musaddas quyidagi misralar bilan boshlanadi:
Sayding qo‘yaber, sayyod, sayyora ekan mendek,
Ol domini bo‘ynidin, bechora ekan mendek,
O‘z yorini topmasdan ovora ekan mendek,
Iqboli nigun, baxti ham qora ekan mendek,
Hijron o‘qidin jismi ko‘p yora ekan mendek,
Kuygan jigari bag‘ri sadpora ekan mendek.
Kes rishtanikim, qilsun chappaklar otib jasta,
Hajrida alam tortib, bo‘ldi jigari xasta.
Tog‘larg‘a chiqib bo‘lsun yori bila payvasta,
Kel, qo‘yma balo domi birla oni pobasta,
Hijron o‘qidin jismi ko‘p yora ekan mendek,
Kuygan jigari bagri sadpora ekan mendek...
Sheʼr mazmuniga ko‘ra, lirik qahramon sahroda o‘zining o‘ljasi bo‘lgan ohuning bo‘yniga arqon bog‘lab, so‘yishga olib ketayotgan ovchini ko‘rib qolib, shu jonivorni banddan ozod qilishini so‘ramoqda.
“O‘ljangni qo‘yib yubor, menga o‘xshagan jahongashta ekan. Bechoraning bo‘ynidagi arqonni yechib tashla. U ham menga o‘xshab o‘z yorini topolmasdan ovora ekan, mendek hijrondan o‘rtangan baxtiqaro, jigar-bag‘ri kuygan bechora ekan. Arqonni kesib yubor, jonivor sakrab-sakrab tog‘larga, juftining, sevgisining yoniga borib, hijron azoblaridan qutulsin. Shu beozor jonzot sening davringda bu besh kunlik dunyoda o‘z tengdoshlari bilan o‘ynab kulib qolsin, qisqagina umrini sening duo qilib o‘tkazsin.. Bu sho‘rlikka rahming kelsin, ko‘zidan oqayotgan yoshlarga qara. O‘ziga rahming kelmasa uning yo‘ldoshiga iching achisin. Bahor kelganida men ham bir gullar, maysalarni ko‘ray deb sening domingga ilinib o‘tiribdi. Agar niyating sotish bo‘lsa, ayt men sotib olay. Sho‘rlikning hushi ham joyida emas, ko‘ngli g‘am seli bilan vayron bo‘lganga o‘xshaydi...”
Sheʼrning qisqacha mazmuni shu. Uning tarixi haqida turlicha fikr-mulohazalar bildiradilar. Masalan sho‘rolar davrida Furqatni proletariat kuychisiga chiqargan ayrim olimlar bu sheʼr bilan boylar, hukmdorlar qo‘lida jabr-zulm ko‘rgan oddiy xalqni shoir asirga tushgan ohu ko‘rinishda tasvirlagan, deb baho berishgan.
Olimlarimizdan yana biri bu yerda sayd yaʼni ov Vatan timsoli, sayyod, yaʼni ovchining changaliga tushgan ona Turkiston, shoir o‘z vatanining g‘anim qo‘lidan ozod bo‘lishini istaydi, deya sharh bergan.
Furqat bu sheʼrida o‘zining muhabbat tarixini bitgan, deguvchilar ham uchraydi. Aytishlaricha, Furqat ko‘ngul qo‘ygan yosh qiz o‘z uyida yog‘ dog‘lab turgan payti qozonga tushib fojiali halok bo‘ladi. Bu shumxabar shoirga og‘ir taʼsir qiladi. Bir necha o‘zini qo‘yarga joy topa olmay yurganda, sahroda ohuni o‘z domiga ilintirgan ovchiga duch keladi. Kiyikning mungli ko‘zlari unga sevgilisining xumor ko‘zlarini eslatadi. Shoir ovchiga kiyikni qo‘yib yuborishni so‘rab shu sheʼrni o‘qiydi.
Boshqa bir talqinga ko‘ra, Furqatning Saʼdullo ismli do‘sti o‘z ayolidan bevaqt juda bo‘ladi va kelib shoirga o‘z g‘am-anduhlarini bayon qiladi. Shoir uning dardini qanday qog‘ozga to‘kishni bilmay yurganida, sahroda o‘z o‘ljasini sudrab ketayotgan ovchini ko‘rib qoladi. Keyin uning qo‘liga tushgan ohu va do‘stining dardi o‘rtasidagi ko‘rinmas bog‘liqlikni ilg‘agandek bo‘ladi. So‘ng shu kattagina sheʼr dunyoga keladi.
Ushbu musaddasning yozilishida xalq orasida mashhur bo‘lgan “Layli va Majnun” dostoni sabab bo‘lgan deguvchilar ham bor. Xalq dostonlaridan birida Saʼdullo ismli ovchi domiga ilingan kiyikni endi halollamoqchi bo‘lib turganida, Majnun kelib qoladi va yig‘lab, jonivorni banddan ozod qilishni so‘raydi. Shu manzara Furqatga qattiq taʼsir qilgan va keyinchalik mashhur musaddasni bitgan bo‘lishi ham mumkin.
Darhaqiqat sheʼrning so‘ngida “Furqatda bu Saʼdullo hayronaga o‘xshaydir” misrasi bejiz kiritilmaganga o‘xshaydi. Nima bo‘lganda ham bu asar buyuk o‘zbek shoiri Furqat ijodining eng dilbar namunalaridan biri bo‘lib qoldi.