O‘zbek yozuv madaniyati va kitobat sanʼati tarixidaa temuriylar davri alohida o‘rin tutadi. Amir Temur va temuriylar tashabbusi hamda otalig‘i ostida kitobat sanʼati rivojlandi. Mo‘g‘ullar istilosi davrida eʼtibordan chetda qolgan sohalar qaytadan bo‘y rostladi. Temuriylar davlatining yirik madaniy markazlari bo‘lmish Samarqand, Hirot, Yazd, Andijon singari shaharlarda yirik xattotlik maktablari yuzaga keldi.
Yana bir jihati, bu davrda yozuv madaniyati, xattotlik sanʼati ham rivojlandi. Bu chog‘larda temuriylarning saʼy-harakati, urinishi tufayli, arab xati bilan bir qatorda, ota-bobolardan meros bo‘lib kelayotgan eski uyg‘ur yozuvi, Navoiy so‘zi bilan aytganda turkcha xat ham keng ishlatildi.
Parijda saqlanayotgan nodir durdona
Temuriylar davridan qolgan, o‘zbek kitobat sanʼati tarixida o‘ta qimmatli va nodir sanalgan yodgorliklardan biri o‘z davrining yirik madaniyat markazlaridan bo‘lgan Hirotda Abu Malik baxshi ko‘chirgan uyg‘ur yozuvli qo‘lyozmadir. Qo‘lyozma kitob hozir Parijdagi Fransiya Milliy kutubxonasida saqlanmoqda.
Qo‘lyozmaga ikki asar kiritilgan: biri “Meʼrojnoma” bo‘lsa, ikkinchisi Farididdin Attor qalamiga mansub “Tazkiratu-l-avliyo” asarining turkiy tarjimasidir.
Muhim ilmiy-adabiy manba
“Meʼrojnoma” asari hamdu naʼt bilan boshlangan bo‘lib, unda shunday so‘zlarni o‘qiymiz: “Shukr va hamd ul mangu qodir, o‘n sakkiz ming olamni yaratgan, tartibga keltirgan va ularni neʼmatlantirgan,biru bor hukumdor, Undan o‘zga iloh bo‘lmagan Tangri taologa (buyukligi yuksalsin va ismlari muqaddas bo‘lsin), yana yuz ming salavot va tahiyyat Tangri taoloning habibi, yuz yigirma to‘rt ming payg‘ambarning sardori Muhammad rasulullohning ruhiga yetsin. Ko‘pdan-ko‘p rahmat rasul alayhis-salomning avlodi bilan ahli baytiga yetsin. Ularning barchasidan Olloh rozi bo‘lsin”.
Hamdu naʼtdan keyin kitob “Nahju-l-farodis” otli asardan tarjima qilinganligi to‘g‘risidagi maʼlumotlar berilgan. 68 betdan iborat kitobda payg‘ambarimizning Jabroil (a.s.) bilan meʼrojga chiqishi ko‘tarilish bilan boshlanib, turli osomon tabaqalari, jannat va do‘zaxdagi sayohatlari bilan davom ettirilgan.
Umuman, mazkur asar turkiy til va adabiyotni chuqur tadqiq etishda ham juda katta ilmiy manba bo‘lib hisoblanadi.
Qo‘lyozmani hirotlik Abu Malik baxshi hijriy 840 (melodiy 1436–1437) yili ko‘chirib tugallagan. Maʼlumki, o‘tmishda baxshi so‘zi asosan kotiblarga nisbatan aytilgan. Ushbu atama qadimgi turk budda, moniy diniy jamoalarida “ustoz, murabbiy; muallim” maʼnolarida ishlatilgan.
Zamonasining xat-savodli, o‘qimishli kishilariga nisbatan qo‘llangan bu so‘z keyinchalik turkiy tilda va uyg‘ur xatida bituvchi kotiblarning nomida saqlanib qoldi. Hozirgi o‘zbek tilida esa baxshi so‘zi “xalq dostonchisi, baxshi”ni bildiradi. Ayrim o‘zbek shevalarida “tabib” hamda “folbin”ni ham baxshi deyishadi.
O‘tmishda uyg‘ur xatining bir qancha uslubiy turi ishlatilgan edi. Shunga qaramay, yozish texnikasining o‘ng‘ayligi, qulay o‘qilishiga qarab, keyinchalik yugurik xat uslubi ommalashib ketdi. Bu xat uslubidan Hirotda ijod qilgan boshqa baxshilar ham, Yazd, Samarqand, Andijon baxshilari ham keng foydalandilar.
Mazkur nodir qo‘lyozmaning faksimile nusxasi Toshkentda o‘tkazilgan “Zamonlar chorrahasi: o‘tmishning buyuk merosi – maʼrifatli kelajak poydevori” media formi doirasida yurtimizga keltirilgan edi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyada “Meʼrojnoma” ning faksimil nusxasi, Shohruh Mirzo kutubxonasi namunalari, M.Grabar tadqiqotining o‘zbek tilidagi tarjimasi joy olishi rejalashtirilgan.