O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi kontentini boyitishda o‘tmishda yashab o‘tgan ayollarning sivilizatsiyalar rivojiga qo‘shgan hissasiga alohida eʼtibor qaratiladi.
O‘tmishda bizning momolarimiz davlat ishlarida faol ishtirok etishgan, ilm-fan, madaniyat, adabiyotda ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritishgan.
Qurʼoni karim nusxalarini ko‘paytirish uchun bosmaxonalar bo‘lmagani sababli qizlar madrasalarni tugatganlaridan keyin, turmushga chiqqunlariga qadar, uy yumushlaridan bo‘shaganlaridan so‘ng Qurʼoni Karimni husnixat bilan yozishga kirishganlar, – deydi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tadqiqotchisi Najmiddin Fayoziy. - Har kuni oz-ozdan yozib, maʼlum muddatda uni tugatganlar. Qizlarning ota-onalari ular tomonidan yozilgan Musʼhafi sharifni sahhoflarga berib, muqova qildirib, shu Qurʼon karim nusxasini qizning sepiga qo‘shib berilgan. Hozirda ham Farg‘ona vodiysida, Buxoro, Surxandaryo viloyatlarida qiz sepiga Qurʼon qo‘shib uzatish urfi saqlanib qolgan. Shu yo‘l bilan ular Qurʼon nusxalari ko‘payishiga ham hissa qo‘shganlar.
Temuriy malikalardan biri Shodmalik Xotun qo‘li bilan yozilgan Qurʼoni karim qo‘lyozmasi bunga yaqqol misol bo‘la oladi.
Toshkentda "Sharq Renessanslari fenomeni: saltanatlar, dinlar, shaxslar va tamaddunlar" nomli madaniy meros haftaligi doirasida bir qator yangiliklar, kashfiyotlar ham eʼlon qilingan edi. Jumladan, mazkur haftalikda ishtirok etgan turkiyalik tadqiqotchi, Istanbul universiteti professori, doktor Emek Ushenmez ham bir qator yangi loyihilarni ilgari surgan. Shuningdek E.Ushenmez Turkiyada Amir Temur avlodidan bo‘lgan malika Shodmalik Xotun qo‘li bilan yozilgan Qurʼoni karim qo‘lyozmasi haqida maʼruza qilgan edi.
“Ushbu qo‘lyozma hijriy 871, milodiy 1467 yilda ko‘chirilgan, - deydi Emek Ushenmez. - Qo‘lyozma qayerda ko‘chirilgani hozircha maʼlum emas. U ayni paytda Istanbuldagi Turk va islom asarlari muzeyida saqlanmoqda. Qo‘lyozmaning xotimasida arab tilida ushbu Qurʼoni karim Muhammad Sulton mirzo qizi Shodmalik qo‘li bilan ko‘chirilgani aytilgan. Shuningdek, Shodmalikning otasi Muhammad Sulton, bobosi Jahongir, katta bobosi Amir Temur Ko‘ragon ekani bitilgan.
Maʼlumki Amir Temur 1402 yilda usmoniylar sultoni Yildirim Boyazidga qarshi jangda to‘ng‘ich nabirasi Muhammad Sultonni ham o‘zi bilan olib boradi. Shahzoda Amir Temurning katta farzandi Jahongir Mirzoning yolg‘iz o‘g‘li bo‘lgani uchun uni o‘z taxtining vorisi sifatida ko‘rardi. Biroq, Muhammad sulton Anqara jangida og‘ir yarador bo‘zladi. 1403 yilda 28 yilda Afyon-Qorahisor viloyati yaqinida vafot etadi. Shahzodaning jasadi dastlab Sultoniyada, keyinchalik Samarqandga keltirib dafn etiladi. Maʼlumotlarga ko‘ra, Muhammad Sultondan 12 farzand qolgan. Ulardan biri Davlat Sultondan dunyoga kelgan qizi Shodmalik Sulton edi.
Ushbu Qurʼoni karim nusxasidan maʼlum bo‘ladiki, Shodmalik Sulton mazkur qo‘lyozmani o‘z qo‘li bilan yozib tugallagan payti 65-70 yoshlar oralig‘ida bo‘lgan. Eʼtiborlisi, shu paytga qadar temuriy malikalar orasida Qurʼoni karim xattotligi bilan shug‘ullangan ayollar haqida maʼlumot topilmagan. Bu qo‘lyozma nafaqat diniy-maʼrifiy, balki tarixiy nuqtai nazardan ham muhim qo‘lyozma ekani taʼkidlanmoqda.