Maʼlumki, olti asrdan ko‘proq jahonga dovrug‘ solgan Usmoniylar davrida turkiy til va adabiyot yuksak darajada taraqqiy etdi. Bunda buyuk mutafakkir Alisher Navoiyning munosib o‘rni bor. Chunki, usmoniy hukmdorlar davrida Navoiy asarlari qayta-qayta ko‘chirilgan. Usmonli shoirlar Navoiy g‘azallariga yuzlab naziralar bog‘lashgan. Usmoniylar davri turkchasi Navoiy foydalangan eski o‘zbek tilidan sezilarli darajada farqlansa-da, shoirlar aynan ulug‘ mutafakkirimiz tili va uslubiga yaqin lahjada ijod qilishgan.
Usmoniylar davrida rassomlar Alisher Navoyi suratini ishlashga harakat qilishgan. O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazida buyuk mutafakkirlarning turli davrlarda va hududlarda ishlangan miniatyuralari ustidagi izlanishlar ham davom etmoqda.
Yaqinda Markaz tadqiqotchilari Alisher Navoiyning o‘rta asrlarda Istanbulda ishlangan yana bir miniatyurasi haqida maʼlumot berishdi. Markaz ilmiy kotibi, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Rustam Jabborovning aytishicha, ushbu minatyuraning asl nusxasi Anqarada Prezident Rejep Tayyip Erdog‘an tashabbusi bilan ochilgan Millat kutubxonasida saqlanadi.
Kelgusida ushbu miniatyuraning faksimil nusxasini Markaz ekspozitsiyasida namoyish etish ko‘zda tutilgan.