MAQOLALAR
RUMIY TURKIYDA SHEʼR YOZGAN(MI?)

Xorazmshohlar davlati hududida tug‘ilib, mo‘g‘ullar bosqini arafasida Onado‘lidagi saljuqiylar davlatigat ko‘chib kelgan Jaloliddin Rumiy (1207-1273) asosan fors tilida ijod qilgan bo‘lsa-da, turkiy tilda ham shiru shakar baytlar bitgan, har ikki xalq tili, madaniyati, anʼanalaridan yaxshi xabardor bo‘lgan.

Rumiyning asli kelib chiqishi, milliy mansubiyati, ona tili haqidagi bahslar anchadan beri davom etib keladi. Maʼlumotlarga ko‘ra, Rumiyning otasi Bahouddin Valad Xulafoi roshidin (Chahor yorlar) ning birinchisi Abu Bakr Siddiq (r.a.) avlodlaridan, ona tomonidan esa, Xorazmshohlar xonadoniga borib taqaladi. Shunga qaramay, Rumiy o‘z ruboiylaridan birida ko‘pchilikni bahsga chorlab kelayotgan masalaga oydinlik kiritib o‘tgandek bo‘ladi:

Begona magired maro, zin ko'yam,

Az ko'i shumo xonai xud mejo'yam,

Dushman nayam, archand ki dushmanro'yam,

Aslam turk ast agarchi hindi go'yam.

(Bu elda meni begona kishi deb o‘ylamang, sizning ko‘changizdan men o‘z uyimni izlamoqdaman. Agar yuzim dushmanga o‘xshasa-da, dushman emasman. Agar hindiy so‘zlasam-da, aslim turkdir.)

Shuningdek, Rumiyning turkiy so‘zlar aralashtirib bitgan bir qator g‘azal va baytlari bor:

Ey turki mohchehra chi gardad ki subh tu,

Oi ba huchrai manu gui ki “kel beru”...

“Tek tur” shunidam az tuvu xomush mondam,

G‘ammozi man, bas ast dar in ishq rangu bo‘.

(Ey oy chehrali turk go‘zali, erta turib, hujramga kelsangu “beri kel” deb meni chaqirsang, nima bo‘ladi?.. “Sendan “tek tur” degan amrni eshitib, jim bo‘lib qoldim, ey nozli yorim, zotan bu ishqda (so‘z emas) rang va bo‘yning o‘zi kifoyadir).

Jaloliddin Rumiyning “Masnaviy-i Maʼnaviy” asarida keltirilishicha, kunlarning birida turk, arab, fors va yunon safarga chiqishadi. Yo‘lda bir saxovatpesha inson ularga bir tanga hadya qiladi. Hamrohlar bu pulga nima olish haqida bahs yuritishadi. Arab “inab olaylik” deydi. Fors esa “yo‘q, angur olganimiz yaxshi” deb eʼtiroz bildiradi. Turk “mening uzum yegim kelyapti” desa, yunon “istafil olamiz” deb to‘polon qiladi. Alqissa ularning orasida janjal chiqadi. Bir-birini do‘pposlab, qonga belashadi. Shu payt bu mojaroni bir dono inson eshitib qoladi. “Kelinglar, shu bir tangaga to‘rtovingiz istagan narsani olib beraman”, deydi va ularga bir tovoq uzum keltiradi. Bu holni ko‘rgan to‘rt og‘ayni hayron. “Aslida to‘rtovingiz o‘z tilingizda bitta narsani aytib turuvdinglar, faqat bir-biringizni tushunmaganingiz sabab, behuda yoqa bo‘g‘ishdinglar”, deydi donishmand.

Hikoyat fors tilida bo‘lsa-da, undagi turkning sheriklariga aytgan so‘zlari turkiy tilda ekani eʼtiborlidir.

On yake k-az turk bud, guft: «Ey qo‘zum, 

Man namexoham inab, xoham uzum».

Mavlono Rumiyning turkiy tilni yaxshi bilgani va bu tilda so‘zlab, ijod qilganini ayrim tojik adabiyotshunoslari ham zikr etib o‘tishgan. Jumladan, bu haqda Dushanbeda chop etilgan, To‘ychi Mirov va Sunnatullo Davlatzodaning “Adabiyoti tochik” darslik qo‘llanmasida ham to‘xtalib, uning shiru shakar yoxud mulammaʼ uslubida bitilgan bir g‘azali ilova qilinadi:

Dony, ki man zi olam yalguz sani sevarman,

Gar dar baram nayoi, andar g‘amat o‘larman.

Man yori bovafoyam, bar man jafo qilursan,

Gar tu maro naxohi, man xud sani dilarman.

Ro‘i chu moh dori, man sodadil az onam,

Z-on shakkari labonat bir ikki na dilarman.

Farmoy g‘amzaatro, to xuni man birezad,

V-arna saning yuzunda man yazg‘uri yozarman.

Mohe chu Shamsi Tabrez g‘ayrat namudu gufto:

«Az man digar napursed, man so‘yladim, borarman».

Mavlono Rumiy vafotidan so‘ng uning o‘g‘li Sulton Valad otasi asos solgan mavlaviylik tariqatini davom ettirgan, forsiy va turkiy tilda sheʼrlar yozgan. Maʼlumotlarga ko‘ra, Sulton Valadning devonidan turkiy va forsiy tildagi g‘azallar, fors-turk-yunon tilidagi mulammaʼ, shiru shakar g‘azallar ham o‘rin olgan. 1925 yilda Rumiyning avlodlaridan biri - Valad Chalabi Izbudak tomonidan Istanbulda Sulton Valadning turkcha g‘azallari chop etilgan. Faridun Nafiz O‘zluk ham 1941 yilda shoirning turkiy baytlari o‘rin olgan devonini chop ettirgan.

Sulton Valadning ushbu turkcha g‘azali ham ana shu to‘plamlardan o‘rin olgan:

Sening yuzing gunashdir yo‘qsa oydir?

Jonim oldi yuzung dog‘i ne aydur?

Benim ikki ko‘zim bilgil jonimsen,

Bani jonsiz qo‘yarsan sen, bu kaydur?

Ko‘zumdin chiqmakim, bu yer seningdur,

Benim ko‘zum sanga yaxshi saroydur..

Valad yo‘xsuldu sensiz bu jahonda,

Seni buldi, bu kezdin beg-u boydur.

Jaloliddin Rumiy qaysi tilda ijod qilmasin, o‘z asarlarida umuminsoniy qadriyatlar, tenglik va hamjihatlikni tarannum etdi va o‘zida bebaho maʼnaviy xazinani meros qilib qoldirdi.