MAQOLALAR
CHILPIQ: AFSONALAR QURSHOVIDAGI IKKI MING YILLIK QALʼA

Nukus shahridan 45 chaqirim masofada, Amudaryoning o‘ng qirg‘og‘ida, Sulton Uvays tog‘ining etaklarida joylashgan bu qadimiy qalʼa kamida ikki ming yillik tarixga ega.  Chilpiq so‘zi mahalliy tilida loy maʼnosini, yaʼni qalʼaning loydan tiklanganini anglatadi. Ammo, o‘tmishda bu qalʼa qanday atalgani hozircha maʼlum emas.

Tarixchi va shoir Munisning “Firdavsul-iqbol” asarida ushbu qalʼa Cho‘lpuq nomi bilan tilga olingan. Jang sahnalarini chizish orqali tanilgan rus rassomi Nikolay Karazin 1873 yil rus qo‘shinlarining Xivaga yurishini tasvirlash chog‘ida ushbu qalʼani ham eʼtibordan chetda qoldirmagan.  Darvoqe, bu qalʼa Qoraqalpog‘iston gerbi markazida ham o‘z aksini topgan.

Xalq orasida bu inshoot haqida turli rivoyatlar yuradi. Ulardan biriga ko‘ra, bu qalʼada bir paytlar bir mulozimni sevib qolgani uchun otasining zug‘umidan qochib kelgan malika yashagan ekan. Malika o‘z sevgilisi bilan qalʼaga suv keltirish uchun Amudaryogacha yerosti yo‘lini qazishgan. Arminiy Vamberi o‘z kundaliklarida chindan ham bu yerosti yo‘li mavjud bo‘lganini taʼkidlaydi. Boshqa rivoyatda uni Chilpiq-Qarotin ismli pahlavon tiklagan. Hatto bu daxmani yovuz shaytonga qarshi kurashuvchi, ezgu niyatli devlar qurgan, degan afsonalar ham uchraydi.

Bir paytlar bu hududlar uch ming yillik ulkan sivilizatsiyaga ega bo‘lgan Xorazm davlatiga qarashli bo‘lgan.  Maʼlumki, Xorazm zardushtiylik dinining ilk markazlaridan biri sanaladi. “Avesto” kitobi ham aynan shu yerda vujudga kelgan, degan taxminlar bor. Shu bois, 2001 yilda O‘zbekiston hukumatiining tegishli qaroriga binoan yurtimizda “Avesto”ning 2700 yilligi keng nishonlangan.

Qadimgi Xorazm hududida zardo‘shtiylar bilan bog‘liq bir qator maskanlar, ibodatxonalar qoldiqlari, osori atiqalar aniqlangan. Jumladan o‘tgan asrning o‘rtalarida arxeolog S.Tolstov boshchiligida Chilpiq tevaragida olib borilgan izlanishlar natijasida bu qalʼa qadimgi zardo‘shtiylarning so‘nggi manzili – marhumlarning jasadlari qo‘yiladigan baland minora ekani maʼlum bo‘ldi.

 Maʼlumki, zardo‘shtiylik dinida suv, olov, yer muqaddas sanalgan – Shu bois jasadlarni ko‘mish, yoqish yoki suvga cho‘ktirish qattiq gunoh sanalgan. Insonlar vafot etgach, ularning jasadi ana shunday minoralarda quzg‘unlarga, qurt-qumurskalarga yem qilingan. Suyaklar yumshoq to‘qimalardan xalos bo‘lguniga qadar shu tepaliklarda saqlangan.  Zardo‘shtiylar eʼtiqodiga shu tariqa marhumlarning ruhi poklangan. Keyin esa, suyaklar maxsus idishlar – ostadon (ossuariylar)larga solingan.

Chilpiq qalʼasining ichki qismida ana shunday ostadonlar saqlanadigan yerto‘lalar – nauslar bo‘lgan. Olimlarning taʼkidlashicha, bu bino odiy aholi uchun emas, faqat hukmdor tabaqa va ularning oila aʼzolari uchun mo‘ljallangan. Ayrim manbalarda bu inshootlar afrig‘iylar davriga V-VI asrlarga mansub ekani aytiladi. Ammo, arxeologik qazishmalar uning yoshi eramizdan avvalga II asrlarga borib taqalishini ko‘rsatadi.

Ayni paytda ana shunday ostadonlar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasidan o‘rin oladi.

Arablar bosqinidan so‘ng zardo‘shtiylik taqiqlangan, bora bora aholi to‘liq islomni qabul qilgach, Xorazm Musulmon sharqidagi tamaddun o‘choqlaridan biriga aylangan. Chilpiq qalʼasi ham endi qabriston emas, mudofaa istehkomi vazifasini bajara boshlagan.

Xorazmshohlar davrida qalʼa qaytadan tiklangan, olisdan kelayotgan karvonlar uchun mayoq, soqchilar uchun kuzatuv minorasi bo‘lib xizmat qilgan. Qalʼa aylana shaklida qurilgan bo‘lib, uning diametri 65 metrga, devorlarining umumiy balandligi 35 metrga yetadi. Bu devorlarning har biri bir metr qalinlikdagi   paxsa bloklaridan tiklangan.