MAQOLALAR
O‘zbekistonning tarixiy yodgorliklari haqida yangi kitob-albom nashr etiladi

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga turkiyalik olimlar, noshirlar va hujjatli film ijodkorlaridan iborat delegatsiya tashrif buyurdi. Metin Kalkavan boshchiligidagi ushbu tashrif yurtimiz madaniy va tarixiy merosini yorituvchi yangi kitob-albom yaratish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida amalga oshirildi. Ushbu kitob-albomga Turkiyaning mashhur “Acibadem” klinikalar tarmog‘i homiylik qiladi. 
 

Uchrashuv davomida loyiha "O‘zbekiston: meʼmoriy yodgorliklar tilga kirganda" deya nomlanishiga kelishib olindi. Mamlakatimizda sakkiz mingdan ortiq tarixiy va madaniy ahamiyatga ega yodgorliklar mavjud bo‘lib, ulardan 100 ta eng sarasini kitob uchun tanlab olishga qaror qilindi. Bularning aksariyati YUNESKOning Jahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan.  
 

 

Kitob-albom O‘zbekistondagi tarixiy yodgorliklar, ularning hozirgi holati va so‘nggi yillarda amalga oshirilgan tiklash ishlariga bag‘ishlanadi. Turkiyalik hamkorlar mazkur to‘plamni Islom sivilizatsiyasi markazining rasmiy ochilish marosimigacha tayyorlash va nashr etish rejalashtirilganini taʼkidlashdi.  

"O‘zbekiston: meʼmoriy yodgorliklar tilga kirganda” nomli kitob-albomi bugun bizni bir maqsad yo‘lida bir manzilda birlashtirdi. Yangi loyiha orqali O‘zbekiston haqida yana-da ko‘p maʼlumotlarga ega bo‘lamiz. Bu Turkiya va O‘zbekiston madaniy munosabatlari, tariximiz va do‘stligimizni o‘zida aks ettirishga munosib qadamdir. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bilan hamkorligimiz kelajakda katta loyihalar bilan davom etadi. Siz bilan hamkorlikdan mamnunmiz!", — dedi TIMC guruhi koordinatori Metin Chakmakchi.

Mazkur kitob-albom xalqaro ahamiyatga ega ekanligi bois, o‘zbek, turk, ingliz va rus tillarida chop etilishi rejalashtirilgan. Kitob-albom Islom sivilizatsiyasi markazining ochilishiga bag‘ishlangan eng muhim ilmiy-madaniy tuhfalardan biri bo‘lishi kutilmoqda.