MAQOLALAR
Muqaddas Kaʼba yopinchig‘i – Kisvaning bir parchasi Islom sivilizatsiyasi markaziga joylashtiriladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19 fevral kuni Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj va umra ishlari vaziri Tavfiq bin Favzon ar-Rabia boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Uchrashuv avvalida yuqori martabali mehmon davlatimiz rahbariga Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon Ol Saud hamda valiahd, mamlakat Bosh vaziri Muhammad bin Salmon Ol Saudning salomi va samimiy tilaklarini yetkazib, Prezidentimizga Podshohning ko‘p millatli O‘zbekiston xalqiga hadyasi – muqaddas Kaʼba yopinchig‘i – Kisvaning bir parchasini topshirdi.

Davlatimiz rahbari topshirig‘iga ko‘ra, Kisva parchasining ostida Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz  bin Abdurrahmon Ol Saudning ko‘p millatli O‘zbekiston xalqiga sovg‘asi degan maʼnodagi izoh bo‘ladi.

“Kaʼba yopinchig‘i – Kisva parchasini Islom sivilizatsiyasi markaziga joylashtirish haqidagi Prezidentimizning topshirig‘i biz uchun tom maʼnoda tarixiy va sharafli voqea bo‘ldi, – deydi Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov. – Chunki bunday bebaho hadya Islom sivilizatsiyasi markazi davlatimiz rahbarining doimiy eʼtiborida ekanligiga yana bir dalildir.  Bu hadya Islom dinining ulug‘ allomalari yetishib chiqqan yurtimiz, xalqimiz va Prezidentimizga bo‘lgan yuksak hurmat va eʼtiborning yorqin namunasidir. Biz shu kunning o‘zidayoq Markaz jamoasi ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda bu xushxabarni eʼlon qildik. Markaz olimlari va ijodiy xodimlar bunday shukuhli xabarni mamnuniyat bilan qabul qilib, Davlatimiz rahbarining bizga ko‘rsatayotgan yuksak eʼtibori uchun tashakkur bildirdi. Hamkorlarimiz hurmatli Prezidentimiz orqali bizga yetib kelgan bunday tabarruk sovg‘a bilan bizni tabriklamoqda. Albatta,  muqaddas Kaʼba yopinchig‘i – kisva parchasi Markazdagi eng qadrli eksponatlardan biri bo‘lib qoladi. Bunday bebaho hadya uchun hurmatli Prezidentimizga yana bir bor samimiy minnatdorchilik bildiramiz”.  

Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj va umra vaziri shu kuni O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan bunyod etilayotgan megaloyiha – O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi va Markaz tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdi.

Mehmonlar O‘zbekiston Prezidentining tashabbusi va g‘oyasi asosida bunyod etilayotgan ushbu Markaz nafaqat yurtimiz, balki Markaziy Osiyo hamda butun Islom olamining eng jozibali va ibratli maʼnaviy maskanlaridan biriga aylanishini alohida taʼkidlashdi.

"Taassurotlarim ajoyib! Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi chin maʼnoda o‘xshashi yo‘q loyiha. Bino va uning mahobati tahsinga sazovor. Uni yana-da rivojlantirish uchun oz bo‘lsa-da, ko‘magimiz tegsa, mamnun bo‘lamiz. Islom sivilizatsiyasi markazi aynan shunday ko‘rinishda bo‘lishini tasavvur qilar edim. Uni o‘z ko‘zim bilan ko‘rgach, qoyil qoldim. Ulkan ish qilingani va buning ortida katta mehnat yotgani ko‘rinib turibdi", dedi Tavfiq bin Favzon ar-Rabia.

Podshohlikning Haj va umra vazirligi hamda O‘zISM o‘rtasidagi hamkorlikka bag‘ishlangan muzokaralarda O‘zbekistondan Haj va umraning tarixi, buguniga bag‘ishlangan hujjatli film yaratishga kelishib olindi. Islom sivilizatsiyasi markazi Axborot xizmatining xabar berishicha, filmda Islom dini diyorimizga yoyilishining ilk davridan boshlab yaqin o‘tmishgacha o‘zbekistonlik musulmonlarning Haj va Umra ziyoratini amalga oshirishida duch kelingan to‘siqlar, qiyinchiliklar va Yangi O‘zbekistonda bu boradagi keng imkoniyatlar ko‘rsatib beriladi. Bundan tashqari, filmda o‘zbekistonlik ziyoratchilar uchun yaratilayotgan qulay sharoitlar, O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar ham aks ettiriladi.

Uchrashuv so‘ngida  O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Markaz tomonidan nashr etilgan Katta Langar Qurʼonining faksimilesi va xattot Habibullo Solih ko‘chirgan Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning maktublaridan birining nusxasi mehmonlarga hadya qilindi.

 

Rustam JABBOROV,

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi

ilmiy kotibi