Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Abu Mansur al-Qumriyning tibbiyotga oid asari qo‘lyozmasi faksimilesini tayyorlash loyihasi amalga oshirilmoqda. Tayyor bo‘lgan faksimile markaz ekspozitsiyasiga joylashtiriladi.
Abu Mansur al-Qumriy X asrda Buxoroda yashab, tibbiyot sohasidagi yetuk mutaxassislardan biri bo‘lgan. U Buxoro amirlari saroyida tabib sifatida faoliyat yuritgan va yosh Ibn Sinoning ustozi bo‘lgan. Qumriyning sakkizta tibbiy asar yozgani maʼlum, ammo ulardan ikkitasi bizgacha yetib kelgan. Uning “Kitob al-g‘ina va-l-muna” (“Mufassal va istalgan kitob”) asari inson tanasining barcha aʼzolarini davolashga bag‘ishlangan bo‘lib, ko‘plab nufuzli kutubxonalarda qirqdan ortiq qo‘lyozma nusxalari saqlanib kelmoqda.
Qumriyning ikkinchi mashhur asari – “Tibbiy istilohlarni yorituvchi kitob” tibbiy lug‘at shaklida bo‘lib, unda 350 dan ortiq tibbiy atamalar izohlangan. Bu asarda o‘sha davr tibbiyotida ishlatilgan parhez taomlar, ichimliklar va maxsus moslamalar haqidagi maʼlumotlar ham keltirilgan. XVI asrda Bobur va Humoyunning xos tabibi Yusuf ibn Muhammad Yusuf tomonidan fors tiliga tarjima qilingan bu asar 1991 yilda rus tilida ham nashr etilgan.
Qumriyning ilmiy merosi nafaqat Ibn Sinoning yetuk olim sifatida shakllanishiga katta taʼsir ko‘rsatgan, balki bugungi kunda ham tibbiyot sohasida qimmatli manba hisoblanadi. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ushbu buyuk tabibning asarlarini o‘rganish va ularni keng targ‘ib qilishga alohida eʼtibor qaratmoqda.