G‘azal mulkining sultoni Alisher Navoiyning munavvar siymosi, qutlug‘ nomi, boy va serqirra maʼnaviy merosi asrlar mobaynida insoniyatni ezgulikka, hamjihatlikka, ilmu irfonga chorlab, xalqimiz uchun cheksiz faxru iftixor timsoli bo‘lib kelmoqda.
Alisher Navoiy nomi, uning bezavol merosi zamon va makon sarhadlari osha insoniyatni haqiqat, adolat, ezgulik sari daʼvat etib boraveradi. Ulug‘ alloma asrlar davomida xalq bilan hamnafas, zamon bilan hamqadam yashayveradi. Ul zotni har bir davr uchun zamondosh deyilsa, mubolag‘a bo‘lmas. Ehtimol shuning uchun uning nomi turli sulolalar, saltanatlar, hokimiyatlar davrida ham tildan tushmagan, uning asarlari qo‘ldan-qo‘lga dilga o‘tavergan. Bu umrboqiy meros nainki turkiy xalqlar, balki dunyo ahlini o‘ziga ohanrabodek tortavergan.
Bugun biz ilm-fan, texnika, axborot texnologiyalari yuksak darajada rivojlangan bir davrda yashayapmiz. Bu zamon har birimizdan maʼnaviyatimiz, milliy qiyofamiz, qadriyatlarimizni turli yot taʼsirlardan himoyalash, xususan yoshlarimizning ongini turli illatlardan asrash, ularni Vatanga sadoqat, milliy va umumbashariy qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalashni taqozo etadi.
Navoiy asarlarining yoshlar taʼlim-tarbiyasi, ularning yorug‘ kelajagini taʼminlashdagi o‘rni va ahamiyati tobora ortib bormoqda. Bu asarlarda ilgari surilgan sharqona odob-axloq, ibo va hayo, or-nomus, mardlik va jasorat, Vatanga sadoqat, ota-onaga hurmat, mehru muhabbat g‘oyalari bizning zamonamizda ham dolzarbligicha qolmoqda.
Eʼtibor qilsak, “Xamsa” dostonining bosh qahramonlari ham asosan yoshlardan iborat. Farhod, Qays, Iskandar ham yoshlikdan ilm-maʼrifatga tashna bo‘lib ulg‘aygan. Bu bilan Navoiy o‘z davrining yoshlarini ham, keyingi avlodlarni ham ilm o‘rganishga, maʼrifat istashga undaganlar.
Buyuk shoirimiz nafaqat, ilm va hunar o‘rganish, balki undan o‘z o‘rnida foydalanishni ham targ‘ib qilganlar. Farhodning tilidan aytilgan “Hunarni asrabon netgumdur oxir, olib tufroqqamu ketgumdur oxir?” misralarida ham ana shu ezgu maqsad tajassumini topgan.
Alisher Navoiy o‘zining oltmish yillik umri davomida mangulikka tatigulik ishlarni amalga oshirdi. O‘lmas asarlar, dilbar sheʼrlar bitdi. Ona tilimizning shuhratini, beqiyos go‘zalligi va nafosatini yaqqol namoyon etdi. Umri davomida el-yurt g‘ami, quvonch va tashvishlari bilan yashadi. Butun insonlarni o‘zidan yaxshi nom qoldirishga daʼvat etdi:
Bu olam ichraki, yo‘qdur baqo gulig‘a sabot,
Ajab saodat erur, qolsa yaxshilik bila ot.
Chindan ham shunday bo‘lib qoldi. Navoiyning vafotidan keyin ham o‘nlab xonlar, sultonlar yashab o‘tdi. Saltanat qo‘ldan-qo‘lga o‘tdi. Sulolalar, tuzumlar, tizimlar almashdi. Ammo, xalq, adabiyot muhiblari o‘zining buyuk shoirini unutmadi, qalbida, ruhida yashatib keldi. Hazratning bezavol nomi hamon insoniyat bilan birga yashab kelmoqda.
Gohida, xorijiy davlatlarda, xalqaro anjumanlarda bo‘lganimizda, o‘zga millat vakillarining buyuk bobomizga bo‘lgan cheksiz ehtiromini ko‘rib, faxrlanib ketamiz. Bugungi kunda Tokio, Moskva, Boku, Dushanbe, Shanxay, Minsk singari shaharlarda Alisher Navoiyga o‘rnatilgan haykallar salobat to‘kib, xalqimizning, millatimizning betakror dahosini ko‘z-ko‘z etib turibdi. Bu ham ul zotga cheksiz hurmat va muhabbatdan dalolat beradi.
Bugun Navoiyning nodir qo‘lyozmalari dunyoning turli shaharlaridagi mashhur muzeylarda saqlanmoqda, yetuk mutaxassislaru olimlar tomonidan o‘rganilmoqda. Uning ashʼori jahonning o‘nlab tillarida jarang sochayotir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan tashkil qilingan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan buyuk allomalarimiz qatori Hazrat Alisher Navoiy merosini tadqiq qilish va ommalashtirishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, O‘zbekiston madaniy merosini saqlash, o‘rganish va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati bilan hamkorlikda nashr qilinayotgan “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” kitob-albomlarining salmoqli qismida Alisher Navoiy merosiga eʼtibor qartilmoqda.
Taʼkidlash lozimki, dunyoning turli kutubxonalari, muzeylari, shaxsiy kolleksiyalari, ilmiy muassasalarida saqlanayotgan O‘zbekiston madaniy merosi durdonalari orasida buyuk bobokalonimiz Hazrat Mir Alisher Navoiy qo‘lyozmalari alohida o‘rin tutadi. Ayni paytga qadar “O‘zbekiston madanaiy merosi” turkumidan bevosita Alisher Navoiy asarlariga bag‘ishlangan 3 ta kitob albom nashr qilindi.
Markaz ilmiy xodimlari tomonidan 2022 yilda Alisher Navoiyning “Vaqfiya” asari sharhi bilan chop etildi. O‘tgan yili Toshkent va Samarqand shaharlarida o‘tkzilgan “Buyuk ajdodlar merosi - Uchinchi Renessans poydevori” Xalqaro kongressida ham xorijlik va mahalliy olimlar tomonidan Navoiy merosiga oid o‘ndan ortiq maʼruzalar tinglandi.
Shuningdek, Rossiya Fanlar akademiyasining Sharq qo‘lyozmalari instituti, Rossiya milliy kutubxonasi, Fransiya milliy kutubxonasi, Berlin Milliy kutubxonasi, Buyuk Britaniya, Chexiya, Ozarboyjon singari mamlakatlarga bag‘ishlangan to‘plamlarda Navoiy qo‘lyozmalariga alohida o‘rin ajratilgan.
So‘nggi yillarda Navoiy devonlarining shoir hayotligi davrida ko‘chirilgan bir necha qo‘lyozmalari aniqlandi. Ularning ayrimlari haqida bir muncha maʼlumotlar bor edi. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy jamoasining xorijiy safarlari davomida Navoiy hazratlarining dunyo xazinalarda saqlanayotgan nodir qo‘lyozmalari o‘rganilmoqda.
Jumladan 2024 yil noyabr oyida Buyuk Britaniyaga qilingan xizmat safari davomida Oksford universitetining Bodlean kutubxonasida Navoiyning hayotligida ko‘chirilgan “Xamsa” asari bilan tanishildi. Kutubxona rahbariyati bilan ushbu qo‘lyozmaning faksimil nusxasini nashr qilish bo‘yicha ishlar davom etmoqda.
Chindan ham Alisher Navoiyning bebaho merosini o‘rganib, uning chuqur mazmun-mohiyatini tushunib yetganimiz sari allomaning buyukligini tobora teran anglab boraveramiz. Ulug‘ mutafakkirning nurli siymosi zamonlar osha o‘lmas asarlarida, insoniyatni ezgulik, bag‘rikenglik va mehr-muruvvatga daʼvat etguvchi umumbashariy g‘oyalari timsolida yashayveradi.
Shunday ekan, ulug‘ Navoiyni faqat tavallud ayyomlari, muayyan sanalar munosabati bilan emas, har kuni, har lahza yodga olsak, uning asarlarini o‘qib-o‘rgansak, yoshlarimizni ham ana shu savobli ishga yana-da kengroq jalb etsak, nur ustiga nur bo‘ladi.