XIV–XV asrlarda ilm-fan, madaniyat va sanʼatning barcha sohalarida bo‘lgani kabi xattotlik sanʼatida ham misli ko‘rilmagan yuksalish kuzatildi.
XV asrda Temuriylar sulolasi hukmdorlarining qo‘llab-quvvatlashlari bilan vujudga kelgan Hirot xattotlik maktabi Sultonali Mashhadiy (1437–1520), Darvesh Muhammad Taqiy Hiraviy (XV asrning birinchi yarmi), Abduljamil Kotib (vafoti 1505/1506 yil) kabi vakillari bilan elga tanilgan. Amir Temur davrida Mavlono Shamsuddin Munshiy, sangtarosh va xattot Oltun juda mashhur bo‘lgan.
- Ibrohim ibn Shohruh, Boysung‘ur Mirzo, Badiuzzamon Mirzo kabi Temuriy shahzodalar ham xattotlikka homiylik qilish bilan birga o‘zlari bu sanʼat turi bilan shug‘ullangan. Zahiriddin Muhammad Bobur esa yangi xat va alifbo “Xatti Boburiy” ixtirochisidir. Temuriy shahzodalardan Boysung‘ur Mirzo (1397—1433) esa o‘z zamonasining yetuk olimlaridan edi. U Hirotda tashkil qilgan kutubxonada musavvir, naqqosh va boshqa ustalar bilan bir qatorda 40 dan ortiq xattotlar qo‘lyozma kitoblar tayyorlash, yaroqsiz holga kelganlarini taʼmirlash bilan mashg‘ul bo‘lgan, – dedi Markaz ilmiy xodimi Najmiddin Fayoziy.
Temuriy hukmdorlar saroyida “nastaʼliq” xatini ixtiro qilib, uni sanʼat darajasiga ko‘targan Mir Ali Tabriziy (1330-1405), “Xattotlar sultoni” Sultonali Mashhadiy (1437–1520), Darvesh Muhammad Taqiy Hiraviy (XV asrning birinchi yarmi), Abduljamil Kotib (vafoti 1505/1506 yil) kabi xattotlar samarali faoliyat ko‘rsatgan.