MAQOLALAR
ABU RAYHON BERUNIYNING POKISTONDAGI ILMIY LABORATORIYASI ANIQLANDI

Abu Rayhon Beruniy (973-1048) ilmiy merosi bugungi kunda dunyoning turli mamlakatlarida tadqiq qilinmoqda. U yashagan, ilmiy tadqiqotlar olib borgan hududlar har doim jamoatchilik diqqat markazida bo‘lib kelgan.

O‘rta asrda Yerning hajmini aniqlashda yurtimizdan yetishib chiqqan olimlarning xizmatlari katta bo‘lgan. Muso Muhammad al-Xorazmiy bir gradus meridian yoyning uzunligi 111,8 kilometrga tengligini isbotlab bergan. Oradan bir yarim asr o‘tib,  Abu Rayhon Beruniy Yerning kattaligini o‘lchashda yangi usul qo‘llab, bu ko‘rsatkich 111,16 kilometr, shuningdek  Yer meridianining   uzunligi 40183 kilometr ekanligini hisoblab chiqargan.

Tarixiy maʼlumotlarga ko‘ra, Sulton Mahmud G‘aznaviy 1037 yilda  Hindistonga qilgan yurishida  Beruniyni ham o‘zi bilan birga olib ketadi. Sulton qo‘shini yo‘l yo‘lakay bir qator shahar va qalʼalarni zabt etadi. Ular orasida baland tog‘etaklarida joylashgan, hindlarning Nandana qo‘rg‘oni ham bor edi.

Qo‘rg‘onning g‘arb tomonida baland tog‘, janubiy tomonida esa keng sahro joylashgan. Shu yerda alloma Quyosh harakatini oddiy usturlob yordamida o‘lchab ko‘radi va Yer kurrasi radiusining uzunligi 12 million 803 ming gazdan ortiqroqqa (salkam 6315 kilometrga)  teng ekanligini hisoblab chiqadi. Bu ko‘rsatkich bugungi aniq hisob kitoblardan  atigi 5 kilometrga  farq qiladi xolos.

Beruniy laboratoriyasining qoldiqlari hozirgi kunda Jhelumdagi Nandana qalʼasida saqlanib qolgan. Beruniy uchun Nandana qo‘rg‘oni o‘sha paytda maxsus ilmiy laboratori vazifasini o‘tagan. U bir necha shu qo‘rg‘onda yashab, hisob kitoblarini amalga oshirgan.

Ushbu qo‘rg‘on xarobalari bugunga qadar yetib kelgan bo‘lib, u Pokistonning Panjob viloyati hududida joylashgan. Qalʼa bugungi kunda ancha xarob ahvolga kelib qolgan 2021 yil fevralda Pokiston Bosh vaziri Imron Xon mazkur tarixiy obidani restavratsiya qilish va hududni xalqaro sayyohlik markaziga aylantirish haqda qaror chiqargan. Biroq, hali bu hududda maʼlum sabablarga ko‘ra amaliy harakatlar deyarli ko‘zga tashlanmayapti.

Ayni paytda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi mutasaddilari tomonidan Pokistonga ilmiy ekspeditsiya uyushtirish va buyuk bobokalonimiz Abu Rayhon Beruniy maʼlum muddat faoliyat ko‘rsatgan va yirik kashfiyotlar qilgan bu tarixiy yodgorlikni tadqiq etish masalalari o‘rganilmoqda.