Buyuk mutafakkir, shayxur-rais Abu Ali ibn Sino nomi va ilmiy merosi ming yildan ko‘proq vaqt mobaynida G‘arbu Sharqda chuqur o‘rganib kelinadi. Ulug‘ hakim nomi asrlar davomida tildan-tilga ko‘chib keladi. Uning hayoti va faoliyatiga doir turli asarlar bitilgan, xalq orasida esa ertak va afsonalar to‘qilgan.
Bundan afsonalar nafaqat sharqda, balki g‘arbda ham mashhur bo‘lgan. 1404-1405 yillarda sohibqiron Amir Temur saroyiga Kastiliya qiroli nomidan elchi bo‘lib kelgan Rui Gonzales de Klavixo (vafoti 1412 y.) kundaligida qiziq bir fakt uchraydi.
Elchining yozishicha, o‘sha yillarda olis Ispaniyada ham Ibn Sino haqida xalq orasida turli rivoyatlar va afsonalar keng tarqalgan edi. Klavixoning yozishicha, u 1404 yilning 13 iyun kuni o‘z Vatanidan safarga chiqadi. U to‘xtagan ilk manzil - Ispaniyaning sharqiy sohillariga eng yaqin orol - Ivisa edi.
“Ivisa uzunligi besh, ko‘ndalangi uch ligaga teng kichik orol, - deb yozadi Klavixo. - Payshanba, juma kunlari shamol esmadi, juda kam yo‘l bosdik. Aragon qiroli nomidan bu yerga kelgan gubernator elchilarga alohida turar joy hozirlashni tayinlab, ularni shaharga olib kelish uchun otlar bilan odam yubordi. Ivisa — har xil daraxtlar, qarag‘ayzorlar bilan qoplangan o‘rmonli orol. Shahar dengiz yonidagi baland tepalikda joylashgan. U uch qator istehkom devor bilan o‘ralgan bo‘lib, devorlar oralig‘idagi yerlarda ham aholi istiqomat qiladi. Shaharning dengizga yaqin eng baland joyida yuksak qalʼa qurilgan. Bu qalʼa ham devor bilan o‘ralgan. Qalʼa yonida baland minorali shahar cherkovi bor, u qasr bilan tutashib ketgan. Shahar ham, qasr ham bitta istehkom devor ichida. Orolda dengiz suvidan tuz ajratib oladigan korxona ishlab turibdi. Har yili dengiz suvidan ko‘plab tuz ajratib oladi. Bu yerga Sharkdan ko‘plab kemalar kelib, tuz ortib ketadi. Korxonaning daromadi katta. Shahar devorida Avitsenna degan minora bo‘lib, minoraning ichkarisi xonalardan iborat. Avitsenna shu orolda tug‘ilgan deyishadi...”
G‘arbda ulug‘ bobokalonimiz Avitsenna nomi bilan Klavixoga qadar ham dong taratganini bilamiz. Ibn Sino asarlari XII asrdayoq Yevropada lotin tiliga tarjima qilingan. Italiyalik mashhur faylasuf Gerardo Kremoneze (1114-1187) “Tib Qonunlari”ning bir qator boblarini lotin tiliga o‘girgan. Mashhur italan adibi Aligyeri Dante (1265-1321) o‘zining “Ilohiy komediya” asarida Ibn Sino nomini ko‘plab Sharq allomalari qatorida zikr etib o‘tadi.
Shu bois, Ibn Sino nomi Yevropada ancha mashhur bo‘lgani, nomi tillarda doston bo‘lgani haqiqat. Buyuk insonlarning tug‘ilgan joylari va milliy mansubiyati hamisha turli tortishuvlarga sabab bo‘lib keladi. Ibn Sino nomi va shaxsiyati ham bundan mustasno emas. Shu maʼnoda ispanlar ham Ibn Sinoni o‘zlariniki deb bilishgani, hatto Ispaniyaning chekka bir orolida uning nomi bilan bog‘liq minora borligi albatta juda qiziq.
Ayni paytda Ispaniyaga tegishli bo‘lgan bu orol mamlakatning sharqiy qismida, O‘rtayer dengizidagi Pitiuz arxipelagi tarkibiga kiradi. Orol bugungi kunda beshta maʼmuriy birlikka bo‘lingan. Klavixo tilga olgan qalʼa ayni paytda Ivisa munitsipalitetining maʼmuriy markazi hisoblanadi. 11 kvadrat-kilometrin egallagan shaharda 50 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi. Ivisa shahridagi markaziy ko‘chalardan biri ham Avitsenna (Ibn Sino) nomi bilan ataladi.
Shahardagi bir qator tarixiy yodgorliklar qatorida Ivisa qalʼasi ham saqlanib qolgan. Tepalikda joylashgan qalʼa minorasi uning eng baland nuqtasi sanaladi va u uzoqlardan ham ko‘rinib turadi. Balki qalʼadagi Klavixo tilga olgan, ichki xonalarga ega bo‘lgan yagona minora Ibn Sino nomi bilan atalgan, keyinchalik uning nomi o‘zgarib ketgandir yoki aynan o‘sha minora bugungi kungacha yetib kelmagandir. Hozircha bu haqda aniq maʼlumot yo‘q.