Davlatmamed Ozodiy – bu ulug‘ shoir qardosh turkman xalqining buyuk farzandi Maxtumqulining padari buzrukvori ekanini ko‘pchilik bilmasa kerak. Maxtumquli buyuk shoir bo‘lib yetishishida ham avvalo uning otasi katta o‘rin tutgan, desak yanglishmaymiz.
Maʼlumotlarga ko‘ra, ushbu avlodning boshlang‘ich nuqtasi Maxtumquli egarchiga borib taqaladi. U taxminan 1654-yilda Kopetdog‘ etaklaridagi Hoji Govshan qishlog‘ida tug‘ilgan. Egarsozlik bilan shug‘ullangan. Maxtumquli egarchi qirq yoshga kirganda farzandli bo‘lgan va unga Davlatmamat ismini qo‘ygan. Bola 12 yoshga yetganida ota dunyodan o‘tadi.
Rivoyatlarda aytilishicha, kunlarning birida Davlatmamat tush kuradi. Tushida payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) kirib, “Sen do‘zaxdan ozodsan” degan emishlar. Shu sababli Davlatmamat o‘ziga Ozodiy taxallusini tanlagan ekan.
Davlatmamat avval qishloq maktabida, keyin esa, tog‘alarining ko‘magida Xiva madrasalarida tahsil olgan. Zargarlik, tabiblik hunarlarini puxta egallash barobarida, qishloq maktabida bolalarga saboq bergani bois hamma uni ehtirom ila Mulla Davlatmamat deb chaqirgan.
U navqiron yoshida o‘z ovulidan Orazgul ismli go‘zal qizga uylanadi. U bilan o‘n besh-o‘n olti yil baxtli turmush kechirib, bir etak voyaga yetkazadi. Ozodiyning Abdulla, Matsafo, Maxtumquli ismli o‘g‘illari, Zubayda ismli qizi haqida maʼlumotlar bizgacha yetib kelgan. Mulla Davlatmamat ikkinchi o‘g‘liga boshdan alohida mehr qo‘ygan, shu bois unga otasining ismini bergan. Shoirning katta farzandlari dehqonchilik va savdo-sotiq yo‘lidan ketishdi.
Biroq, ajal shoirning ayoli Orazgulni bu olamdan juda erta olib ketdi. Mulla Davlatmamat taqdirning bu zarbasini mardonavor qarshi oldi. Zotan, har bir savdoni bosiqlik va sobirlik bilan qarshi olmoqni u farzandlariga mudom uqtirib kelardi.
Yig‘lagil shomu saharlar bachchavor,
Yig‘lasa gul, rahmatin bahri jo‘shar,
Mulla Davlatmamat faqat o‘zi uchun emas, yesir qolgan bolalarining boshini silaydigan, ularga chin onalik mehrini bera oladigan, ko‘ngli yumshoq ayol bilan taqdirini bog‘lashni istardi. Shu bois, u ko‘chmanchi turkmanlardan bo‘lgan bir ayolga uylandi. Ayol bolalarga o‘z farzandlaridek munosabatda bo‘lgani bois, o‘gayligi aslo sezilmadi.
Bolalar kun sayin ulg‘ayib borishar, mulla Davlatmamat esa, maktabdorlikdan, yozish-chizishdan bo‘shamasdi. Bo‘sh paytlarida o‘tkinchi karvonlardan, bir paytlar Xivada birga o‘qigan do‘st-yoronlardan olgan kitoblarni tizzasi ustiga qo‘yib muk tushgancha mutolaaga berilar, ezgulik, insoniylikka daʼvat etuvchi misralarni bitardi:
Kaʼba vayron etmadan ming martaba,
Bir ko‘ngul yiqmoq yomondur, ey dada.
Mullat Davlatmamat turkiy tillar bilan bir qatorda fors va arab tillaridan ham yaxshi xabardor edi. Kaykovusning “Qobusnoma”, Firdavsiyning “Shohnoma”, Nizomiyning “Maxzanul-asror”, Saʼdiyning “Bo‘ston” va “Guliston”, Navoiyning “Hayratul-abror” singari asarlarini diqqat bilan o‘qib o‘rgandi. 1740 yilda o‘zining salkam besh ming misradlan iborat pandnoma asari “Vaʼzi Ozodiy”ni yozib qoldirdi.
Maxtumquli ham ota izidan borib, o‘z davrining eng qudratli so‘z ustalaridan biriga aylandi. Markaziy va Kichik Osiyo, Eron, Xitoy va Hindistonning ko‘plab shaharlarida bo‘ldi. Qayerda bo‘lmasin Maxtumquli bir umr otasining pand-nasihatlariga, o‘gitlariga amal qilib yashagan. Har doim padarining izzat-hurmati, ehtiromini o‘rinlatardi.
Molu davlatlarga ko‘ngil qo‘ymadi,
Bu jahonning ishratini suymadi,
Eski sholdan ortiq libos kiymadi,
Oxiratda bo‘ldi qasdi otamning.
Sevgan ayolining firog‘i yetmaganidek ikki katta o‘g‘li Matsafa bilan Abdullaning dog‘i ham Mullat Davlatmamatning qaddini bukib qo‘ydi. Bir gal tijorat maqsadida yo‘lga otlangan aka-uka shu ketganicha uyga qaytishmadi. Ota umrining oxirigacha shu ikki farzandining yo‘liga ko‘z tikib yashadi.
Navro‘zni azaldan turkmanlar orziqib kutishadi. Xuddi ana shu qutlug‘ bir kunda turkman eli o‘zining eng buyuk farzandlaridan biri bilan vidolashdi. 1760 yilning 22 mart kuni Davlatmamat Ozodiy oltmish yoshida dunyodan o‘tdi. Yana bir buyuk farzand esa, otasining jonsiz vujudi ustida yum-yum ko‘z yosh to‘kib qolaverdi. Motamdan, alam va qayg‘udan erib oqqan Maxtmqulining yuragidan shu so‘zlar sizib chiqdi:
Falak, sokin edim, sen duchor bo‘lding,
Ko‘zlarim nuroni – Ozodim qani?
Yuragim sug‘urib saklarga berding,
Shahrimning sultoni – Ozodim qani?..
Maxtumquli ham o‘z umrining oxirida uni otasining yoniga qo‘yishlarini vasiyat qilgan. Ayni paytda bu ikki buyuk shoirning qabrlari Eronning Guliston viloyatida joylashgan qadimiy “Oqto‘qay” qabristoni hududidadir. Ota va o‘g‘il Ozodiy va Maxtumquli o‘zlaridan abadiyatga daxldor bebaho asarlar, o‘lmas sheʼrlarni meros qilib qoldirishdi.
Davlatmamed Ozodiy obrazini yaqinda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti farmoniga muvofiq, "Tirik tarix" dasturi doirasida suratga olingan “Maxtumquli” filmida ham ko‘rishimiz mumkin. Rejisser M.Erkinov suratga olgan mazkur filmda Ozodiy rolini Turkmaniston Xalq artisti Chori Berdiyev ijro etgan.